Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning U-23 olimpiya terma jamoasi Osiyo o‘yinlarining futbol turniri finaliga chiqa olmadi. Jamoa yarim finalda Yaponiyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi.
O‘zbekiston 8-daqiqadayoq hisobni ochdi. Sardorbek Bahromov chap qanotdan uzatilgan to‘pni qabul qilib, Yaponiya terma jamoasi darvozasiga yo‘lladi.
Yaponiya terma jamoasi 88-daqiqada hisobni tenglashtirdi. Gol muallifi Sena Ishibashi bo‘ldi.
Asosiy vaqt 1:1 hisobida yakunlandi. Qo‘shimcha vaqtda ham raqiblar natijani o‘zgartira olmadi.
Penaltilar seriyasida Yaponiya terma jamoasi aniqroq harakat qildi va 9:8 hisobida g‘alaba qozondi.
Boshqa yarim final bahsida Janubiy Koreya Xitoyni 2:1 hisobida mag‘lub etib, Osiyo o‘yinlari finaliga yo‘l oldi.
Shu tariqa, uchinchi o‘rin uchun bahsda O‘zbekiston terma jamoasi Xitoy bilan o‘ynaydi.
Final va bronza medallari uchun bahs 3 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadi.