Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilishni kuchaytirish va voyaga yetmaganlarga qarshi jinoyatlar uchun javobgarlikni oshirishga qaratilgan qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.
Hujjat O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi fraksiyasi tashabbusi bilan kiritilgan bo‘lib, Jinoyat va Jinoyat-protsessual kodekslari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks, shuningdek, qator boshqa qonun hujjatlariga o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Jumladan, 14 yoshga to‘lmagan shaxsni nomusiga tegish va jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda zo‘rlik ishlatib qondirish uchun 25 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilash taklif etilmoqda.
Qonun loyihasida, shuningdek, bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan sodir etilgan jinoyatlarga nisbatan shartli hukm qilish va muddatidan ilgari shartli ozod qilish to‘g‘risidagi ayrim normalarni qo‘llashni cheklash nazarda tutilgan. Bolalarning jinsiy erkinligiga qarshi qator jinoyatlar uchun javobgarlikka tortish va jazoni ijro etish muddatlarini qo‘llamaslik taklif qilinmoqda.
Voyaga yetmaganga qasddan og‘ir yoki o‘rtacha og‘irlikdagi tan jarohati yetkazish, shuningdek, 16 yoshga to‘lmagan shaxsga nisbatan bir guruh shaxslar tomonidan buzuq harakatlar sodir etishni jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida belgilash taklif etilmoqda. Bundan tashqari, voyaga yetmaganlarni g‘ayriijtimoiy xulq-atvorga jalb qilish, bolalarni tarbiyalash bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik va boshqa huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.
O‘zgartishlarning alohida qismi zo‘ravonlikdan jabrlangan voyaga yetmaganlarning protsessual huquqlariga taalluqli. Bunday bolalarning so‘roq qilinishi majburiy tarzda videotasvirga olinishi taklif etilmoqda. Jinsiy erkinlikka qarshi jinoyat qurboni bo‘lgan bola bilan gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘rtasidagi yuzlashtirish vasiylik va homiylik organi vakili ishtirokida maxsus tartibda o‘tkazilishi kerak.
Shuningdek, zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki unga guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish mexanizmi nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bolalar o‘rtasida ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan axborotni tarqatganlik uchun javobgarlikni belgilaydi. Ayrim normalar bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik yoki ularning ijrosiga to‘sqinlik qilishga taalluqli.
O‘zgartishlar taʼlim sohasini ham qamrab oladi. Taʼlim tashkiloti xodimining taʼlim va tarbiya jarayonida bolaga nisbatan zo‘ravonlik ishlatishi ish beruvchining tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Qonun loyihasi ikkinchi o‘qishga kiritilishidan oldin soha mutaxassislari va jamoatchilik vakillari ishtirokida takomillashtirildi. Deputatlar jamoatchilik muhokamasi davomida kelib tushgan takliflarni o‘rganib, ularning asoslanganlarini inobatga oldi.
Jumladan, Jinoyat-protsessual kodeksida jinsiy zo‘ravonlikka uchragan voyaga yetmaganlarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish, voyaga yetmagan guvohlarni so‘roq qilish jarayonini majburiy videotasvirga olish hamda vasiylik va homiylik organlari vakillarining ishtirok etishiga oid normalar aniqlashtirildi.
Shuningdek, bolalar o‘rtasida taqiqlangan axborotni tarqatganlik va bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalar qarorlarini bajarmaslik uchun javobgarlikka oid qoidalarga tuzatishlar kiritildi. «Taʼlim to‘g‘risida»gi qonunga kiritilayotgan o‘zgartishlar amaliyotda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlar hisobga olingan holda takomillashtirildi.
Muhokama davomida deputatlar bolalarning hayoti, sog‘lig‘i, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, voyaga yetmaganlarga nisbatan zo‘ravonlikning oldini olish hamda bunday jinoyatlar uchun javobgarlikni taʼminlash zarurligini taʼkidladi.
Ko‘rib chiqish yakunlari bo‘yicha Qonunchilik palatasi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda qabul qildi.