Toshkentda daraxt ikki avtomobil ustiga quladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkentda 2 sentyabr kuni ertalab Mirzo Ulug‘bek tumanidagi Maxtumquli ko‘chasida ko‘p yillik daraxt ikki avtomobil ustiga quladi. Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmadi, deb xabar berdi poytaxt Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi matbuot xizmati.
Hodisa soat 05:32 da sodir bo‘lgan. Qulagan daraxt Tracker va Leapmotor avtomobillariga zarar yetkazgan.
Hodisadan so‘ng yo‘lning mazkur qismida harakat vaqtincha cheklandi. Hodisa joyida qutqaruvchilar, tezkor xizmatlar va obodonlashtirish xodimlari ish olib borib, daraxt qulashining oqibatlarini bartaraf etdi.
Ishlar yakunlanganidan so‘ng yo‘lning ushbu qismida avtotransport harakati qayta tiklandi.