Istanbulda 13 yoshli o‘zbekistonlik onasiga topshirildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Istanbulda O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Beyog‘lu tumanida aniqlangan 13 yoshli O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatdi va 1 sentyabr kuni uni onasiga topshirdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasining Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi rasmiy bayonotida maʼlum qilindi.
Konsulxona maʼlumotiga ko‘ra, 30 avgust kuni soat 22:30 da Beyog‘lu tumanidagi masjidlardan birining imomi diplomatik vakolatxonaga qo‘ng‘iroq qilgan. U O‘zbekiston fuqarosi, voyaga yetmagan S. J. haqida xabar bergan.
Bosh konsulxona diplomatlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, o‘smirni konsulxonaga olib kelgan. Shundan so‘ng uning yaqin qarindoshlarini aniqlash va ular bilan bog‘lanish uchun zarur choralar ko‘rilgan.
1 sentyabr kuni voyaga yetmagan fuqaro sog‘-salomat holda onasiga topshirilgan.
O‘zbekiston Bosh konsulxonasi vaziyatni hal etishda ko‘maklashgan Turkiyaning tegishli organlari va mamlakat fuqarolariga minnatdorlik bildirdi.