O‘zbekiston Bosh konsulxonasi fuqaroni Rossiyadan qaytarishga yordam berdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bosh konsulxonasi Yekaterinburg shahrida uy-joysiz qolib, bir necha kun ko‘chada tunlashga majbur bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosining Vataniga qaytishiga ko‘maklashdi. Bu haqda “Dunyo” AA xabar berdi.
Konsulxonaga mahalliy fuqaro murojaat qilib, Navoiy viloyatida tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi O.V. bilan bog‘liq vaziyat haqida maʼlum qildi. Uning maʼlum qilishicha, erkak bir necha kun davomida turar joysiz qolgan va yashash uchun zarur sharoitlarga ega bo‘lmagan.
Bosh konsulxona xodimlari murojaatni tezkorlik bilan ko‘rib chiqib, O.V. bilan tegishli suhbat o‘tkazdi. Uning shaxsi aniqlanib, yuzaga kelgan holat tafsilotlari o‘rganilganidan so‘ng konsullik xodimlari fuqaroning yaqinlari bilan bog‘landi.
Keyinchalik Bosh konsulxona ko‘magida uni doimiy yashash joyiga qaytarish uchun zarur choralar ko‘rildi.
Natijada vatandosh Yekaterinburgdan Toshkentga sog‘-omon uchib kelib, O‘zbekistonga qaytdi.