O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Kashqadaryo va Navoiyda kanalizatsiya xizmatlari kengaytiriladi

Dilafro'z Niyazova · 25.08.2026 · 19:36 · 12 views
Kashqadaryo va Navoiyda kanalizatsiya xizmatlari kengaytiriladi
Kashqadaryo va Navoiyda kanalizatsiya xizmatlari kengaytiriladi / Foto: “O‘zsuvtaʼminot” AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Shahrisabz shahri, Qashqadaryo viloyati Kitob tumani markazi hamda Navoiy viloyati Karmana tumanida kanalizatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha qurilish shartnomalari imzolandi. Loyihalar doirasida oqova suvlarni tozalash inshootlari, kanalizatsiya tarmoqlari va nasos stansiyalarini qurish rejalashtirilgan. Bu qariyb 290 ming nafar aholining kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi. Bu haqda “O‘zsuvtaʼminot” AJ xabar berdi.

 

Loyihalarning umumiy qiymati 119 mln yevroni tashkil etadi. O‘zbekiston va Fransiya taraqqiyot agentligi o‘rtasidagi kredit bitimi 2022 yil 25 martda imzolangan. Bundan tashqari, Yevropa komissiyasi Fransiya taraqqiyot agentligi orqali loyihalarni amalga oshirish uchun 8,15 mln yevro miqdorida grant ajratgan.

Shartnomalarni imzolash marosimi Fransiya taraqqiyot agentligi hamda Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik doirasida o‘tkazildi. Tadbirda Fransiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi, Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi, Fransiya taraqqiyot agentligi, qurilish kompaniyalari va texnik nazorat tashkilotlari vakillari, shuningdek, “O‘zsuvtaʼminot” AJ rahbariyati ishtirok etdi.

Loyihalar doirasida qurilish shartnomalari bilan bir qatorda texnik nazorat va konsalting xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha kelishuvlar ham imzolandi. Pudratchilarni tanlash uchun Fransiya taraqqiyot agentligi ikki bosqichli tenderlar o‘tkazdi.

Shahrisabz qurilish paketi doirasida batafsil loyihalash va qurilish ishlarini Turkiyaning Alkatas Insaat ve Taahut A.S. hamda MESMER-EAST LLC kompaniyalari amalga oshiradi. Navoiy qurilish paketi bo‘yicha pudratchi etib Alkatas Insaat ve Taahut A.S. belgilandi. Texnik nazoratni Janubiy Koreyaning DOHWA Engineering Co., Ltd. va Fransiyaning SAFEGE S.A.S. kompaniyalariga topshirish rejalashtirilgan.

Qashqadaryo viloyatidagi loyiha Shahrisabz shahri va Kitob tumani markazini qamrab oladi. Bu yerda sutkasiga umumiy quvvati 53 ming kub metr bo‘lgan ikkita oqova suvlarni tozalash inshooti, 521,2 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va 10 ta nasos stansiyasi quriladi.

Ishlar yakunlangach, 51 ta mahalladagi 240,4 ming nafar aholi kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanishi mumkin bo‘ladi. Kitob tumani markazida markazlashgan kanalizatsiya tizimi birinchi marta barpo etiladi. Hozirda ushbu hududda kanalizatsiya tizimi mavjud emas. Loyiha amalga oshirilishi natijasida 63,4 ming nafar aholi xizmatlardan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi va qamrov darajasi 81 foizga yetadi.

Shahrisabzda ham mavjud infratuzilmani sezilarli darajada kengaytirish ko‘zda tutilgan. Ayni paytda shahar aholisining 19,6 ming nafari yoki 8 foizi kanalizatsiya xizmatlari bilan qamrab olingan. Loyiha yakunlangach, bu ko‘rsatkich 86 foizga, yaʼni 177 ming nafar aholiga yetishi kutilmoqda.

Navoiy viloyatining Karmana tumanida alohida loyiha amalga oshiriladi. U doirada sutkasiga 9,8 ming kub metr quvvatga ega oqova suvlarni tozalash inshooti, 161 kilometr kanalizatsiya tarmog‘i va beshta nasos stansiyasi quriladi.

Natijada Karmana tumanidagi 14 ta mahallaning 54,9 ming nafar aholisidan 49,4 ming nafari birinchi marta kanalizatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Aholini kanalizatsiya bilan qamrab olish darajasi 90 foizni tashkil etadi.

Imzolangan kelishuvlar Shahrisabz, Kitob va Karmana tumanlaridagi loyihalarni bevosita amalga oshirish bosqichiga o‘tkazadi. Rejalashtirilgan ishlar nafaqat yangi kanalizatsiya infratuzilmasini yaratish, balki oqova suvlarni tozalash uchun zamonaviy inshootlarni barpo etishni ham qamrab oladi.