Namanganda qayiqlar to‘qnashuvida ikki kishi halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Namangan viloyatining To‘raqo‘rg‘on tumanida Sirdaryo daryosida ikki sayr kqayiqining to‘qnashuvi oqibatida ikki kishi halok bo‘ldi. Ulardan biri voqea joyida, ikkinchisi esa shifoxonada vafot etgan. Bu haqda Namangan viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabar berdi.
Hodisa 23 avgust kuni kechqurun sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda voqea joyidan videolavhalar tarqaldi.
Kadrlarda qayiqlardan biri Sirdaryo ustidan o‘tgan ko‘prik yaqinida suvda turgani, ikkinchi kema esa uning tomon harakatlanayotgani ko‘rinadi. Shundan so‘ng ko‘prik ostida yana bir qayiq paydo bo‘ladi va to‘qnashuv sodir bo‘ladi.
Tarqatilgan boshqa videolarda odamlar suvda qolgan yo‘lovchilarga qayiq bortiga chiqishda yordam berayotgani aks etgan. Kadrlarda qutqaruv jiletlarini kiygan odamlarni ham ko‘rish mumkin.
Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi maʼlumotiga ko‘ra, bir kishi to‘qnashuvdan so‘ng voqea joyining o‘zida halok bo‘lgan. Yana bir jabrlangan shaxs shifoxonada vafot etgan.
Agentlik to‘qnashgan qayiq bortida qancha kishi bo‘lganiga aniqlik kiritmadi. Hodisa sabablari ham Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi xabarda keltirilmagan.