O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Deputatlar hukumatning yilning birinchi yarmi uchun hisobotini ko'rib chiqdilar

Dilafro'z Niyazova · 25.08.2026 · 19:55 · 6 views
Deputatlar hukumatning yilning birinchi yarmi uchun hisobotini ko'rib chiqdilar
Deputatlar hukumatning yilning birinchi yarmi uchun hisobotini ko'rib chiqdilar / Foto: Oliy Majlis Qonunchilik palatasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yilning birinchi yarmi uchun "Mahalla va jamiyatni rivojlantirish yili"da "O'zbekiston 2030" strategiyasini amalga oshirish bo'yicha Davlat dasturining bajarilishi haqidagi hisobotini ko'rib chiqdi. Hisobotni Bosh vazir o'rinbosari, iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo'chqorov taqdim etdi. Muhokama yakunlari bo'yicha deputatlar hisobot bo'yicha tegishli qaror qabul qilishdi.

Qayd etilganidek, jahon iqtisodiyotida murakkab va yuqori noaniqliklar saqlanib qolayotgan sharoitda mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish sur’atlari ta’minlanmoqda. 2026-yilning birinchi yarim yilligida yalpi ichki mahsulotning real o‘sish sur’ati 8,5 foizni tashkil etib, YAIM hajmi 1 072,7 trillion so‘mga yetdi. Sanoatda 8 foiz, xizmatlar sohasida 9,2 foiz, qurilishda 13,7 foiz, qishloq xo‘jaligida 4,7 foiz o‘sish qayd etildi.

Davlat byudjeti xarajatlari 205,6 trillion so‘mni tashkil etib, shundan 105,8 trillion so‘m ijtimoiy sohalarga yo‘naltirildi.

Investitsiya va tashqi iqtisodiy faoliyatda ham yuqori natijalar qayd etildi. Birinchi yarim yillikda 28,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar o‘zlashtirilib, o‘tgan yilga nisbatan 134 foizga o‘sdi. Shundan 26 milliard dollari to‘g‘ridan to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar va kreditlar hissasiga to‘g‘ri keldi. Eksport hajmi esa ilk bor 15,9 milliard dollarga yetdi.

Hisobot davrida 506 ming nafar aholi doimiy ishga joylashtirildi, 2 million 616 ming nafar aholining daromadi oshirildi, 546 ming nafar norasmiy band fuqaroning faoliyati legallashtirildi. Mahallalar ixtisoslashuvini chuqurlashtirishga qaratilgan 104 mingta mikroloyiha ishga tushirilib, ular orqali 246 ming nafar aholi bandligi ta’minlandi.

Ko‘rilgan choralar natijasida ishsizlik darajasi yil boshidagi 4,8 foizdan 4,5 foizga kamaydi. Kambag‘allik darajasi ham 4,5 foizga tushdi. 2 756 ta mahalla “kambag‘allikdan xoli” hududga aylantirildi. “Ijtimoiy reyestr”dagi 227 mingta kambag‘al oilaga daromadini oshirishga qaratilgan 300 mingta xizmat ko‘rsatildi.

Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholini biznesga keng jalb etish bo‘yicha ko‘rilgan choralar natijasida 37,8 mingga yaqin yangi kichik biznes subyekti tashkil etildi. Savdo-sanoat palatasining tuman va shahar bo‘limlari tomonidan tadbirkorlik subyektlariga 70 mingga yaqin biznes xizmatlari ko‘rsatildi.

Muhokamalarda deputatlar erishilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda, Davlat dasturida belgilangan ayrim vazifalar ijrosi, maqsadli ko‘rsatkichlarga o‘z vaqtida erishish, hududlarda mavjud iqtisodiy imkoniyatlardan to‘liq foydalanish masalalariga ham to‘xtalib o‘tdilar.

Xalq vakillari Davlat dasturi ijrosining natijadorligini yanada oshirish yuzasidan qator takliflarni ilgari surdilar. Xususan, hududlarda yaratilayotgan ish o‘rinlarining barqarorligi va daromadliligini muntazam baholab borish, kambag‘allikni qisqartirish choralarini har bir mahallaning aniq ehtiyoj va imkoniyatlaridan kelib chiqib manzilli tashkil etish, kichik biznes va mikroloyihalarni qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada takomillashtirish taklif etildi.

Shuningdek, ijrosi kechikayotgan vazifalar bo‘yicha mas’ul vazirlik va idoralar rahbarlarining hisobdorligini kuchaytirish, Davlat dasturida belgilangan maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosini hududlar kesimida tizimli monitoring qilib borish zarurligi qayd etildi.

Deputatlar Davlat dasturi ijrosini faqat miqdoriy ko‘rsatkichlar bilan emas, balki amalga oshirilgan chora-tadbirlarning aholi hayotiga ta’siri, yaratilgan ish o‘rinlarining barqarorligi, mahallalarda daromad manbalarining ko‘payishi va odamlarning kundalik turmushidagi real o‘zgarishlar nuqtayi nazaridan ham baholash muhimligiga e’tibor qaratdilar.

Savol-javoblardan so‘ng deputatlar Davlat dasturining 2026-yil birinchi yarim yilligidagi ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasining hisoboti bo‘yicha tegishli qaror qabul qildilar.