O‘zbekistonda «aql markazlari» mehnat unumdorligini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti (MHTI) sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini oshirish masalalariga bag‘ishlangan o‘quv seminarini o‘tkazdi. Tadbirda mamlakatning 14 ta yetakchi «aql markazi» mutaxassislari ishtirok etdi. Bu haqda MHTI xabar berdi.
Ishtirokchilar korxonalar faoliyatini bevosita joyiga chiqqan holda baholashning amaliy usullarini ko‘rib chiqdi. Jumladan, ishlab chiqarish jarayonlari xaritasini tuzish, resurslar yo‘qotilishi va samarasiz operatsiyalarni aniqlash masalalari muhokama qilindi.
Seminarda BMTning Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (UNIDO) tomonidan ishlab chiqilgan resurslarni tejash va toza ishlab chiqarish (RECP) yondashuviga alohida eʼtibor qaratildi. Shuningdek, mutaxassislar Lean Management, Six Sigma va 5S metodologiyalari asosida ortiqcha yo‘qotishlar va nuqsonlarni kamaytirish usullarini o‘rgandi.
Tadbir doirasida korxonalarning xalqaro bozorlarga chiqish jarayonida ekologik menejmentni takomillashtirish va yangi global talablarga moslashish masalalari ham muhokama qilindi. Xususan, ishtirokchilar ISO 14001 va ISO 14064 standartlarining ahamiyati, shuningdek, mahsulotlarning belgilangan talablarga muvofiqligini taʼminlash, jumladan, CE markirovkasi talablarini ko‘rib chiqdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilarga taqdim etilgan metodologiyalarni ilmiy-tadqiqot tashkilotlariga biriktirilgan tarmoqlar va hududlardagi korxonalarni o‘rganish jarayonida qo‘llash tavsiya etildi. Bunday tahlil natijalari asosida korxonalar samaradorligini oshirish bo‘yicha aniq amaliy tavsiyalar ishlab chiqish taklif qilindi.
Ishtirokchilar, shuningdek, ilmiy-tadqiqot tashkilotlari o‘rtasida tizimli hamkorlikni davom ettirish, uslubiy materiallar va amaliy tajriba bilan muntazam almashishga kelishib oldi.
Seminar sanoat korxonalarida mehnat unumdorligini oshirishning amaliy vositalarini muhokama qilish hamda mamlakatdagi tadqiqot tashkilotlari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish uchun maydon bo‘ldi.