Toshkent tumanlariga 24 ta yangi yo‘l texnikasi berildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi 24 avgust kuni poytaxtning barcha 12 ta tumaniga 24 ta yangi maxsus texnika topshirdi. Har bir tumanga bittadan yo‘l frezasi va bittadan asfalt yotqizgich berildi. Bu haqda Toshkent shahar Yo‘l harakatini tashkil etish markazi xabar berdi.
Yangi texnikalar kalitini shaharning barcha tumanlari vakillari qabul qilib oldi. Jami tuman xizmatlari ixtiyoriga 12 ta yo‘l frezasi va 12 ta asfalt yotqizgich o‘tkazildi.
Yo‘l frezalari taʼmirlash ishlaridan oldin asfaltning deformatsiyalangan qatlamini olib tashlash uchun mo‘ljallangan. Asfalt yotqizgichlar esa yangi qoplamani bir tekis yotqizishda qo‘llaniladi.
Texnik parkning yangi mashinalar bilan to‘ldirilishi tuman obodonlashtirish xizmatlariga bir vaqtning o‘zida ko‘proq uchastkalarda taʼmirlash ishlarini olib borish imkonini beradi. Shuningdek, yangi texnika yo‘l qoplamasidagi shikastlangan joylarni tezroq bartaraf etish, qoplama sifatini oshirish va taʼmirlash ishlari davomiyligini qisqartirishga xizmat qilishi kutilmoqda.