Toshkent viloyatida YTH ikki kishining hayotiga zomin bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lib, oqibatda 39 yoshli erkak va uning besh yoshli farzandi halok bo‘ldi.
Tergov maʼlumotlariga ko‘ra, Cobalt avtomobili haydovchisi quvib o‘tish vaqtida Spark avtomobilini qarama-qarshi harakatlanish bo‘lagiga siqib chiqargan. Shundan so‘ng Spark yo‘ldan chiqib ketib, ag‘darilib ketgan. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berdi.
Hodisa 15 avgust kuni soat taxminan 9:30 da Qorasuv — Buka — Bekobod avtomobil yo‘lida sodir bo‘lgan. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda Cobalt ikki bo‘lakli yo‘lda quvib o‘tish uchun qarama-qarshi yo‘nalishga chiqib, ro‘paradan kelayotgan Spark harakatiga to‘sqinlik qilgani aks etgan.
Xavfli vaziyat yuzaga kelganidan so‘ng Spark haydovchisi avtomobil boshqaruvini yo‘qotgan, yo‘l chetidagi hududga chiqib ketgan va mashina ag‘darilgan. Cobalt haydovchisi esa voqeadan so‘ng harakatini davom ettirib, to‘xtamagan.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar Cobalt haydovchisining shaxsini o‘sha kuniyoq aniqlagan. U 30 yoshli X. A. bo‘lib, ushlangan.
“Milliy” telekanalidagi “Millar” dasturida maʼlum qilinishicha, Spark avtomobilida 39 yoshli erkak va uning besh yoshli farzandi bo‘lgan.
Ular avariya oqibatida halok bo‘lgan. Yana bir ayol tan jarohatlari bilan shifoxonaga yetkazilgan.
Hodisa yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu norma harakat xavfsizligi yoki transport vositalaridan foydalanish qoidalarini buzish, inson o‘limiga olib kelish uchun javobgarlikni nazarda tutadi.