O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
O‘zbekiston

Yunusobodda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi ochildi

Dilafro'z Niyazova · 30.08.2026 · 11:20 · 40 views
Yunusobodda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi ochildi
Yunusobodda yangi ijtimoiy xizmatlar markazi ochildi / Foto: Videodan olingan kadr.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahrining Yunusobod tumanida yangi Hududiy ijtimoiy xizmatlar markazi ish boshladi. U yerda aholi ijtimoiy va reabilitatsiya yordami, shuningdek, parvarish xizmatlarini bir joyning o‘zida olishi mumkin.

Markazda fuqarolarga 10 dan ortiq turdagi xizmatlar bepul ko‘rsatiladi. Ular orasida bolalar va kattalarni reabilitatsiya qilish, kunduzgi parvarish, erta aralashuv hamda psixoijtimoiy reabilitatsiya xizmatlari bor.

Shuningdek, markazda Yaponiya tajribasidan foydalangan holda kattalar uchun kunduzgi parvarish va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan.

Hududiy markaz bir yilda qariyb 10 ming nafar kishiga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan. Uning tashkil etilishi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish hamda zarur yordamni qulay va kompleks shaklda ko‘rsatishga qaratilgan.

Ayni paytda yangi formatdagi markazlar Andijon, Jizzax, Nurafshon, Shayxontohur va Yunusobodda faoliyat yuritmoqda. 2026 yil davomida yana 20 ta shunday markaz ochish, keyingi ikki yilda esa qo‘shimcha 70 ta markaz tashkil etish rejalashtirilgan.

Markazlar tarmog‘ini rivojlantirish aholi uchun ijtimoiy va reabilitatsiya xizmatlari, shuningdek, parvarish yordamiga yana-da qulay erishish imkoniyatini taʼminlashga qaratilgan.