O‘zbekiston va Singapur intellektual mulk sohasida hamkorlikni chuqurlashtiradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Singapur intellektual mulk sohasidagi hamkorlikni, jumladan, uni tijoratlashtirish, patent ekspertizasini raqamlashtirish va nizolarni mediatsiya orqali hal etish yo‘nalishlarini kengaytirishga kelishib oldi. Kelishuvlarga Singapore Convention Week 2026 doirasida O‘zbekiston adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligidagi delegatsiyaning Singapur Intellektual mulk boshqarmasi (IPOS) rahbari Tan Kong Xve bilan muzokaralari davomida erishildi. Bu haqda O‘zbekiston Adliya vazirligi xabar berdi.
Xalqaro Singapore Convention Week 2026 Singapurda bo‘lib o‘tmoqda. Tadbir, xususan, mediatsiya, arbitraj va xalqaro tijorat nizolarini hal etish sohasidagi ilg‘or amaliyotlarga bag‘ishlangan. Ishtirokchilar nizolarni hal etishda huquqiy texnologiyalar va sunʼiy intellektdan foydalanish masalalarini ham ko‘rib chiqmoqda.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va IPOS vakillari intellektual mulkni tijoratlashtirish va uni iqtisodiy aktivga aylantirish bo‘yicha tajriba almashish masalalarini muhokama qildi. Patent ekspertizasini raqamlashtirish sohasidagi hamkorlik alohida yo‘nalish sifatida belgilandi.
Tomonlar, shuningdek, intellektual mulk sohasidagi nizolarni hal etishda mediatsiyadan foydalanish bo‘yicha tajriba almashishga kelishib oldi. Mazkur mexanizm ikki mamlakatning sohaviy tuzilmalari o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish doirasida ko‘rib chiqilmoqda.
Muzokaralarning yana bir natijasi singapurlik mutaxassislar ishtirokida treninglar tashkil etish bo‘yicha kelishuv bo‘ldi. Ular O‘zbekiston mutaxassislarining intellektual mulkni tijoratlashtirish va startaplarni akseleratsiya qilish sohasidagi malakasini oshirishga qaratilgan bo‘ladi.
O‘zbekiston delegatsiyasi Singapore Convention Week 2026 tadbirida adliya vaziri Akbar Toshqulov boshchiligida ishtirok etmoqda. Xalqaro hafta doirasida tomonlar nizolarni hal etishda zamonaviy huquqiy vositalar va texnologiyalardan foydalanish masalalarini ham muhokama qilmoqda.
IPOS bilan hamkorlik xalqaro tajribani milliy amaliyotga joriy etish, intellektual mulkni tijoratlashtirish yondashuvlarini rivojlantirish va nizolarni hal etish mexanizmlarini takomillashtirishni nazarda tutadi.