Sport

Javohir Sindorov Live Rapid reytingida ikkinchi o‘ringa chiqdi

Javohir Sindorov Live Rapid reytingida ikkinchi o‘ringa chiqdi
Javohir Sindorov Live Rapid reytingida ikkinchi o‘ringa chiqdi / Foto: Olimpiya qo'mitasi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonlik grossmeyster Javohir Sindorov shaxmat bo‘yicha Live Rapid jahon reytingida ikkinchi o‘ringa ko‘tarildi. Uning hozirgi ko‘rsatkichi 2742,6 reyting ochkosini tashkil etmoqda.

So‘nggi yangilanishdan keyin Sindorov 10,6 reyting ochkosi qo‘shib, birdaniga to‘rt pog‘ona yuqoriladi. Natijada u Yan Nepomnyaщiy, Xikaru Nakamura va Alireza Firuzjaidan o‘zib ketdi.

Reyting peshqadami bo‘lib norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen qolmoqda. Shu tariqa, Sindorov amaldagi tezkor shaxmat reytingida dunyoning eng kuchli shaxmatchilari orasida ikkinchi o‘rinni egallab turibdi.

O‘zbekistonning yana bir vakili Nodirbek Abdusattorov esa, aksincha, bir pog‘ona pastlab, 13-o‘ringa tushdi. Uning reytingi 2704,4 ochkoga teng.

Shunday qilib, hozirda Live Rapid jahon reytingining kuchli o‘n beshligida O‘zbekistondan birdaniga ikki shaxmatchi bor.

Live Rapid reytingi real vaqt rejimida shakllantiriladi. Shu sababli shaxmatchilarning o‘rinlari har bir o‘tkazilgan partiyadan keyin o‘zgarishi mumkin.

 

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.