Madaniyat

Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash rejalari bilan tanishdi

Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash rejalari bilan tanishdi
Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash rejalari bilan tanishdi / Foto: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev madaniy merosni asrab-avaylash, muzey ishini rivojlantirish va Oʻzbekiston madaniyatini xalqaro maydonda targʻib qilish boʻyicha kelgusi ishlar yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda tarixiy merosni asrab-avaylash, yodgorliklarni restavratsiya qilish, muzeylarni modernizatsiyalash va xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirishga eʼtibor izchil kuchaymoqda. Bu ishlar gumanitar siyosatning muhim yoʻnalishi, milliy oʻzlikni mustahkamlash va Oʻzbekistonning turistik jozibadorligini oshirish omiliga aylanmoqda.

UNESCO yoʻnalishida erishilgan natijalar alohida qayd etildi. Butunjahon merosi qoʻmitasining 48-sessiyasida Oʻzbekistonning “Toshkentning modernizm meʼmorchiligi: Markaziy Osiyo zamonaviyligi va anʼanalari” milliy nominatsiyasi Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritildi. Oʻzbekiston XX asr modernizmi meʼmoriy merosi bunday maqomga ega boʻlgan Markaziy Osiyo va MDHdagi birinchi davlat boʻldi. Nominatsiya tarkibiga Toshkent shahridagi 10 ta muhim obyekt kiritildi. Bu soʻnggi 25 yilda Oʻzbekistonning UNESCO Butunjahon merosi roʻyxatiga birinchi milliy kiritilishi boʻldi.

Faol siyosiy-diplomatik ishlar natijasida “Quyosh” geliomajmuasi Butunjahon merosi obyekti tarkibida saqlab qolindi.

Yangi xalqaro maqom Toshkentning meʼmoriy merosini asrab-avaylash va oʻrganish, madaniy turizmni rivojlantirish, tadqiqotchilar, meʼmorlar va xalqaro ekspertlarni jalb etish uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratadi. Shu munosabat bilan poytaxtning modernizm meʼmorchiligini asrab-avaylash va targʻib qilish boʻyicha 2026-2030-yillarga moʻljallangan Davlat dasturini amalga oshirish koʻzda tutilmoqda.

Shuningdek, UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritish uchun “Zomin togʻlari” tabiat obyekti nominatsiyasini tayyorlash masalasi ham koʻrib chiqildi. Ushbu hudud Zomin davlat qoʻriqxonasi va Zomin milliy tabiat bogʻini qamrab olib, qimmatli archa oʻrmonlari hamda noyob hayvonlar va qushlar yashash makonlariga ega yagona togʻ tabiiy majmuasini tashkil etadi.

Taqdimotda Oʻzbekiston Respublikasining UNESCO ishlari boʻyicha Milliy komissiyasi kotibiyati faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi. Kotibiyatning UNESCOning ijodiy shaharlar tarmogʻi, taʼlim beruvchi shaharlar tarmogʻi, assotsiatsiyalashgan maktablar tarmogʻi, UNESCO kafedralari, assotsiatsiyalar va klublar, shuningdek, global geoparklar tarmogʻida mamlakatimiz ishtirokini muvofiqlashtirish funksiyalarini kengaytirish taklif etilmoqda.

Madaniy meros sohasidagi amaliy ishlarga alohida eʼtibor qaratildi. Soʻnggi yillarda madaniy meros obyektlarini restavratsiya qilish uchun davlat budjetidan 466,4 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. 305 ta loyiha-smeta hujjati tayyorlandi, 55 ta obyektda ishlar yakunlandi, yana 152 ta obyektda ishlar davom etmoqda.

Ushbu ishlarni tizimlashtirish maqsadida 8 183 ta madaniy meros obyekti boʻyicha kadastr hujjatlari shakllantirildi. Yodgorliklarni qisqa muddatli ijaraga berish orqali 4 187 ta tadbirkorlik subyekti jalb etilib, sohaviy jamgʻarmaga 27,9 milliard soʻm yoʻnaltirildi. 2025-yilda 52 ta obyektga 152,9 milliard soʻm miqdorida mahalliy va xorijiy investitsiyalar jalb qilindi.

Oʻzbekistonda Heritage Impact Assessment (HIA) — merosga taʼsirni baholashning prinsipial yangi tizimini joriy etish Buxoro, Samarqand, Xiva, Shahrisabz kabi noyob tarixiy shaharlar va Toshkentning modernizm meʼmorchiligini jadal qurilish hamda infratuzilma rivoji sharoitida himoya qilishda muhim qadam boʻladi.

Madaniy merosning yagona raqamli platformasini, obyektlarning raqamli egizaklarini, Heritage Open Data tizimini, shuningdek, madaniy meros boʻyicha situatsion markazni tashkil etish taklif etilmoqda. Bu markaz IoT-sensorlar, sunʼiy yoʻldosh maʼlumotlari, videotahlil va sunʼiy intellekt vositalaridan foydalangan holda monitoring olib borish imkonini beradi. 2030-yilga qadar barcha madaniy meros obyektlarini raqamlashtirish rejalashtirilgan.

Turistik yuklamani boshqarish uchun Visitor Management tizimini joriy etish, raqamli chiptalar qamrovini kengaytirish, turistlar oqimini prognoz qilish va zaruratga qarab ayrim obyektlarga tashrif limitlarini belgilash koʻzda tutilmoqda. Kadrlar tayyorlash sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yaratish, Buxoroda ixtisoslashtirilgan restavratsiya oliy maktabini ochish, Arxeologiya institutining hududiy filiallarini rivojlantirish va restavratorlarni litsenziyalashni joriy etish rejalashtirilmoqda.

Tarixiy meros va zamonaviy infratuzilmani uygʻunlashtiruvchi yangi loyihalar ham koʻrib chiqildi. Xususan, anʼanaviy usullar va zamonaviy loyihalash, ishlab chiqarish hamda restavratsiya texnologiyalarini birlashtiradigan ixtisoslashtirilgan mozaika markazini tashkil etish taklif etilmoqda. Markaz Toshkent mozaika maktabini saqlash, mutaxassislar tayyorlash va monumental sanʼatning yangi yoʻnalishini rivojlantirish maydoniga aylanadi.

Ichan-qalʼa muzey-qoʻriqxonasi hududida “Olloqulixon karvonsaroyi” savdo markazini tashkil etish loyihasi alohida koʻrib chiqildi. Savdo nuqtalarining tartibsiz joylashuvi tarixiy obyektlarning vizual yaxlitligini buzishi va turistlar uchun noqulayliklar keltirib chiqarishi qayd etildi. Yangi loyiha anʼanaviy savdo ruhini saqlash, hunarmandlar uchun sharoit yaratish, koʻrgazma va yarmarkalar oʻtkazish, shuningdek, yangi turistik nuqtani shakllantirishga qaratilgan.

Kelgusida nomoddiy madaniy merosni asrab-avaylash sohasida davlat siyosatining yaxlitligini taʼminlash maqsadida Respublika “Hunarmand” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Madaniy meros agentligi bilan hamkorlik qiladi.

Samarqandda “Aga Khan Trust for Culture” bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan Bibixonim majmuasini konservatsiya va restavratsiya qilish loyihasiga alohida eʼtibor qaratildi. Loyiha madaniy meros obyektlarida meʼmoriy konservatsiya, ilmiy oʻrganish va restavratsiya ishlarini boshqarish boʻyicha xalqaro standartlarni joriy etishni nazarda tutadi.

Loyiha doirasida yodgorlikni hujjatlashtirish va tadqiq etish, arxeologik va muhandislik tekshiruvlari, materiallar tahlili, konstruktiv modellashtirish hamda loyiha yechimlarini ishlab chiqish ishlari olib boriladi. Mahalliy mutaxassislarni tayyorlashga alohida eʼtibor qaratiladi. Keyingi bosqichlarda asosiy gumbaz va unga tutash inshootlarni konservatsiya qilish, hududni obodonlashtirish va muzey ekspozitsiyasini yaratish koʻzda tutilgan.

Turli tarixiy davrlarda mamlakatimizdan olib chiqib ketilgan noyob tarixiy yodgorliklar, arxeologik ashyolar, nodir qoʻlyozmalar va sanʼat asarlarini tizimli izlash, huquqiy himoya qilish va yurtimizga qaytarish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish boʻyicha komissiyani shakllantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Yakunda 2027-2035-yillarga moʻljallangan Madaniy merosni rivojlantirish strategiyasi boʻyicha takliflar koʻrib chiqildi. Unda madaniy merosni raqamlashtirish, moddiy va nomoddiy merosni asrab-avaylash, madaniy boyliklarni repatriatsiya qilish, tabiiy merosni muhofaza qilish va restavratsiyani rivojlantirish dasturlari nazarda tutilgan.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni takomillashtirish va ularning amaliy ijrosini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.