Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol bo‘yicha yoshlar terma jamoasi yozgi Aichi-Nagoya-2026 Osiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida o‘tkazilgan o‘rtoqlik uchrashuvida Xitoy terma jamoasiga 0:2 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
Xitoy terma jamoasi tarkibidagi gollar uchrashuvning 28 va 83-daqiqalarida urildi.
O‘zbekiston U23 terma jamoasiga Ravshan Haydarov boshchilik qilmoqda. Musobaqada o‘zbekistonlik futbolchilar “C” guruhida Filippin, Kuvayt va Vyetnam terma jamoalari bilan birga ishtirok etadi.
O‘zbekiston guruh bosqichidagi birinchi uchrashuvini 15 sentyabr kuni Filippinga qarshi o‘tkazadi. Bahs Nagoyadagi CS Asset Minato Soccer Stadium stadionida mahalliy vaqt bilan soat 15:30 da boshlanadi.
18 sentyabr kuni soat 19:00 da O‘zbekiston terma jamoasi Kuvayt bilan o‘ynaydi. Uchrashuv ham CS Asset Minato Soccer Stadium stadionida bo‘lib o‘tadi.
Guruh bosqichidagi so‘nggi uchrashuvni O‘zbekiston terma jamoasi 22 sentyabr kuni Vyetnamga qarshi o‘tkazadi. O‘yin Nagoyadagi Paloma Mizuho Rugby Stadium stadionida soat 14:00 da boshlanadi.
“C” guruhining boshqa uchrashuvlarida 15 sentyabr kuni Vyetnam Kuvayt bilan, 18 sentyabr kuni Filippin Vyetnam bilan, 22 sentyabr kuni esa Filippin Kuvayt bilan uchrashadi. 15 va 18 sentyabr kunlari barcha uchrashuvlar CS Asset Minato Soccer Stadium stadionida o‘tkaziladi. 22 sentyabr kuni Filippin — Kuvayt uchrashuvi ham shu arenda bo‘lib o‘tadi.