Messi Argentina terma jamoasidan ketishini eʼlon qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sakkiz karra «Oltin to‘p» sohibi Lionel Messi Argentina terma jamoasi safidagi faoliyatini yakunlashini maʼlum qildi. Futbolchi bu qarorni og‘riqli deb atadi va milliy jamoadan ketish uchun hozirgi paytni munosib vaqt deb hisoblashini taʼkidladi. Bu haqda Messi o‘zining Instagram sahifasida maʼlum qildi.
«Uzoq o‘ylab, barchaga shuni aytmoqchimanki, milliy terma jamoadan ketyapman. Bu og‘riqli qaror bo‘ldi va u hali ham qalbimning tubida og‘riq sifatida aks-sado bermoqda, ammo hozir buning uchun munosib vaqt ekanini tushunyapman», — deb yozdi Messi.
Messi Argentina terma jamoasi safida 207 ta uchrashuv o‘tkazib, 125 ta gol urgan. Har ikki ko‘rsatkich ham milliy jamoa rekordi hisoblanadi. Hujumchi shuningdek, oltita jahon chempionatida ishtirok etgan.
Messi 2022 yilgi jahon chempioni, 2014 va 2026 yilgi jahon chempionatlarining ikki karra kumush medali sohibi, 2008 yilgi Olimpiada chempioni hamda 2021 va 2024 yillarda Amerika kubogining ikki karra g‘olibi hisoblanadi. Shuningdek, unga «Oltin to‘p»ni eng ko‘p marta qo‘lga kiritgan futbolchi rekordi tegishli.
Messi 2023 yildan buyon AQSHning Oliy futbol ligasi (MLS) klubi «Inter Mayami»da to‘p tepmoqda. Shimoliy Amerika chempionatiga o‘tishidan oldin argentinalik futbolchi Ispaniyaning “Barselona”si va Fransiyaning “PSJ” klublarida o‘ynagan. “Barselona” tarkibida u Chempionlar ligasida to‘rt marta g‘olib bo‘lgan, shuningdek, UYEFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionatida uch martadan g‘olib chiqqan.
Messi avval ham terma jamoadan ketishini eʼlon qilgan edi. 2016 yilda Amerika kubogi finalida Argentina Chiliga mag‘lub bo‘lganidan so‘ng futbolchi milliy jamoa safidagi faoliyatini yakunlashini bildirgan, biroq ikki oy o‘tib terma jamoaga qaytgan.
Maʼlum qilinishicha, Messi milliy terma jamoadagi faoliyatini yakunlash haqidagi maktubni 21 iyul kuni yozgan, ammo uni faqat hozir eʼlon qilgan.
Futbolchining Argentina terma jamoasidan ketishiga bag‘ishlangan publikatsiyasi birinchi soat ichida 2,4 millionta “layk” to‘pladi.