O‘zbekiston-2027 U-17 Osiyo kubogi saralashida guruhlar aniqlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2027 yilgi AFC U-17 Osiyo kubogi O‘zbekiston musobaqasi saralash bosqichi ishtirokchilari 27 avgust kuni Kuala-Lumpurdagi Osiyo futbol konfederatsiyasi (AFC) shtab-kvartirasida o‘tkazilgan qurʼa natijasida o‘z raqiblarini bilib oldi. Saralashda 35 ta terma jamoa ishtirok etadi va ular beshtadan jamoa bo‘lgan yettita guruhga taqsimlandi.
Saralash bosqichi uchrashuvlari 2026 yil 8–20 noyabr kunlari markazlashgan holdagi bir davrali turnir formatida o‘tkaziladi. Yettita guruh g‘olibi U-17 Osiyo kubogining final bosqichiga yo‘llanma oladi.
Ularga 2026 yil Qatarda o‘tkaziladigan FIFA U-17 jahon chempionati natijalariga ko‘ra final turniriga avtomatik ravishda yo‘l olgan to‘qqizta terma jamoa qo‘shiladi. Ular qatorida Avstraliya, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya, Qatar, Saudiya Arabistoni, Tojikiston, O‘zbekiston va Vyetnam bor. Yaponiya ushbu yosh toifasida amaldagi Osiyo chempioni hisoblanadi.
A guruhidan Indoneziya, Myanma, Afg‘oniston, Filippin va Kambodja joy oldi. Ushbu guruh uchrashuvlariga Myanma mezbonlik qiladi.
B guruhida Tailand, Iroq, Gonkong, Xitoy Taybeyi va Maldiv orollari ishtirok etadi. Bu guruhdagi musobaqalar Tailandda o‘tkaziladi.
C guruhini Birlashgan Arab Amirliklari, Bangladesh, Suriya, Butan va Makao tashkil etdi. Uchrashuvlar BAAda bo‘lib o‘tadi.
D guruhiga Eron, Laos, Iordaniya, Pokiston va Shri-Lanka kirdi. Guruh bahslariga Laos mezbonlik qiladi.
E guruhida Hindiston, Malayziya, Falastin, Singapur va Guam terma jamoalari ishtirok etadi. Ushbu guruh uchrashuvlari Malayziyada o‘tkaziladi.
F guruhini Yaman, Turkmaniston, Qirg‘iziston, Mongoliya va Shimoliy Mariana orollari tashkil qildi. Guruh musobaqalariga Qirg‘iziston mezbon bo‘ladi.
G guruhiga Ummon, Quvayt, Bahrayn, Livan va Bruney-Dorussalom terma jamoalari kiritildi. Uchrashuvlar Ummonda o‘tkaziladi.
2027 yilgi AFC U-17 Osiyo kubogining final bosqichi 2027 yil 12–29 may kunlari bo‘lib o‘tadi.