Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent viloyatida foizsiz va imtiyozli kredit rasmiylashtirish bahonasida 400 nafardan ortiq fuqaroning 17 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ini o‘zlashtirgan jinoiy guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Bu haqda Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Idora maʼlumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchilar internetda foizsiz yoki imtiyozli shartlarda kredit rasmiylashtirish haqida soxta eʼlonlarni joylashtirgan. Qiziqqan fuqarolarni oldindan ijaraga olingan qimmat ofislarga taklif qilgan.
Fuqarolarga ularning nomiga 100 million so‘m miqdorida kredit rasmiylashtirish taklif qilingan. Bunda mablag‘ning yarmini qarz oluvchiga berish, qolgan 50 million so‘mini esa kompaniyada qoldirish vaʼda qilingan. Guruh aʼzolari, shuningdek, kredit bo‘yicha oylik to‘lovlarni o‘zlari amalga oshirishini aytgan.
Amalda esa gumonlanuvchilar 400 nafardan ortiq fuqaroning telefonlaridan foydalangan holda ularning nomiga kredit rasmiylashtirib, olingan mablag‘ning yarmini o‘zlashtirgan. Biroz vaqt o‘tgach, fuqarolarga banklar tomonidan yuzaga kelgan qarzdorlikni so‘ndirish talablari kela boshlagan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi, yaʼni firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Guruhning olti nafar aʼzosi gumonlanuvchi sifatida qo‘lga olindi.
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi fuqarolarni internetda tarqatilayotgan «foizsiz kreditlar», «juda past foizli kreditlar» va «hujjatlarsiz kreditlar» kabi shubhali takliflarga ishonmaslikka hamda ehtiyotkor bo‘lishga chaqirdi.