Moliya

Hayot sug‘urtasi kompaniyalari majburiyatlari 35 barobar oshdi

Hayot sug‘urtasi kompaniyalari majburiyatlari 35 barobar oshdi
Hayot sug‘urtasi kompaniyalari majburiyatlari 35 barobar oshdi / Foto: ILMA.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston sug‘urta bozori ishtirokchilarining jami sug‘urta majburiyatlari 2026 yilning birinchi yarim yilligida 48,2% ga oshib, 4,415 trln so‘mni tashkil etdi. Bunda asosiy o‘sish hayot sug‘urtasi sohasi hisobiga to‘g‘ri keldi. Ushbu yo‘nalishda majburiyatlar qariyb 35 barobarga — 13,3 mlrd so‘mdan 460,5 mlrd so‘mgacha oshdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) xabar berdi.

Taqqoslash uchun, umumiy sug‘urta sohasida majburiyatlar shu davrda 33,4% ga oshib, 3,955 trln so‘mga yetdi. Bu o‘sish surʼati hayot sug‘urtasi segmentidagi dinamikadan bir necha barobar past.

Hayot sug‘urtasi bo‘yicha majburiyatlarning deyarli butun o‘sishi bitta kompaniya — «Apex Life Insurance» AJ hisobiga to‘g‘ri keldi. Kompaniya majburiyatlari 9,6 mlrd so‘mdan 455,0 mlrd so‘mgacha oshdi. Shu tariqa, sohadagi ko‘rsatkich umumiy o‘sishining qariyb 99,6%i ushbu kompaniya hisobiga to‘g‘ri kelgan. Birinchi yarim yillik yakuniga ko‘ra, kompaniya segmentdagi jami majburiyatlarning qariyb 98,8%ini egallab turibdi.

Hayot sug‘urtasi sohasida faoliyat yuritayotgan qolgan olti kompaniyaning majburiyatlari shu davrda jami 3,7 mlrd so‘mdan 5,6 mlrd so‘mgacha oshdi. Yaʼni o‘sish qariyb 48%ni tashkil etdi. Bu surʼat bozordagi o‘rtacha ko‘rsatkichga yaqin bo‘lsa-da, «Apex Life Insurance» dinamikasi bilan miqyos jihatidan taqqoslab bo‘lmaydi.

Ayrim kompaniyalarda ko‘rsatkichlar esa turlicha o‘zgardi. «Kafolat Hayot Insurance» AJ majburiyatlari 53,6% ga qisqarib, 145,7 mln so‘mni tashkil etdi. «O‘zbekinvest Hayot Sug‘urta Kompaniyasi» AJ EISK majburiyatlari 31,9% ga kamayib, 106,0 mln so‘mga, «Alfa Life Insurance» AJ majburiyatlari esa 20,3% ga qisqarib, 2,17 mlrd so‘mga yetdi.

Ayni vaqtda bir qator kompaniyalarda majburiyatlar past baza fonida o‘sdi. «TBC Sug‘urta» AJda ushbu ko‘rsatkich 229,3% ga oshib, 1,79 mlrd so‘mni tashkil etdi. «Agros Hayot» AJda esa majburiyatlar 50 barobardan ko‘proq oshib, 169,5 mln so‘mga yetdi. Hayot sug‘urtasi bozorining yangi ishtirokchisi — «Prestige Insurance» AJ birinchi yarim yillik yakuniga kelib 1,18 mlrd so‘m miqdorida majburiyatlarni shakllantirdi.

Shunday qilib, butun bozor miqyosida hayot sug‘urtasi bo‘yicha majburiyatlarning karrali o‘sishi deyarli to‘liq bitta kompaniya ko‘rsatkichlari bilan izohlanadi. Shu bilan birga, segmentdagi boshqa ishtirokchilar dinamikasi umumiy bozor ko‘rsatkichlariga yaqin darajada qolmoqda.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.