Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Seul shahrida O‘zbekiston delegatsiyasi Janubiy Koreyaning PROTOTIE Co., Ltd. texnologik kompaniyasi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda o‘zbek IT-yechimlarini xalqaro bozorlarda ilgari surish va mahalliy texnologik kompaniyalarni xorijiy bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalalari muhokama qilindi. Bu haqda O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi xabar berdi.
Delegatsiyaga raqamli texnologiyalar vaziri o‘rinbosari Jamol Maqsudov boshchilik qildi. Uchrashuvda IT Park Uzbekistan ijrochi direktori Jahongir Rajabov va tashkilotning boshqa vakillari ham ishtirok etdi. Janubiy Koreya tomonidan Prototie bosh direktori Pak Sin Xyon ishtirok etdi.
Tomonlar O‘zbekistonning raqamli yechimlarini Koreya Respublikasi va Malayziya bozorlarida ilgari surish, IT Park Uzbekistan ishtirokchilari bo‘lgan kompaniyalarning xalqaro bozorlarga chiqishini qo‘llab-quvvatlash, B2B aloqalar, IT-autsorsingni rivojlantirish va mutaxassislarni jalb qilish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.
Prototie sunʼiy intellektdan foydalangan holda mutaxassislarni tanlash, IT-autsorsing, talantlarni boshqarish va kompaniyalarga xalqaro bozorlarga chiqishda ko‘maklashish uchun yechimlarga ixtisoslashgan. Kompaniya professional tajriba, malaka va boshqa mezonlar asosida kompaniyalar va mutaxassislarni bir-biriga moslashtiruvchi PROTIE AI platformasini rivojlantirmoqda.
2026 yil yanvaridan Prototie IT Park Uzbekistan ishtirokchisi hisoblanadi va O‘zbekistonda o‘z vakolatxonasiga ega. Kompaniya faoliyatining yo‘nalishlaridan biri mahalliy raqamli mahsulotlarni xorijiy bozorlarda ilgari surishdan iborat.
Xususan, Prototie UZINFOCOM bilan hamkorlik qilib, Koreya va Malayziyada MyID Face va MyID Palm, yaʼni biometrik identifikatsiya hamda kaft yordamida to‘lov texnologiyalari, Video Analytics, navbatlarni boshqarish uchun AI-yechimlar, Muxlisa AI ovozli yordamchisi, DMED raqamli tibbiy platformasi va Smart City monitoring yechimlarini ilgari surmoqda.
Uchrashuvda ushbu ishlarni kengaytirish hamda IT Park Uzbekistanning boshqa ishtirokchilari yechimlarini Prototiening mahalliy hamkorlar tarmog‘i, biznesni rivojlantirish vositalari va salohiyatli buyurtmachilar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar orqali ilgari surish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar, shuningdek, o‘zbek texnologik kompaniyalarining Koreya va Malayziya bozorlariga chiqishini qo‘llab-quvvatlash masalasini alohida muhokama qildi. Bu jarayon bozorlarni o‘rganish, mahsulotlarni mahalliylashtirish, mijozlar va hamkorlarni izlash, B2B uchrashuvlarini tashkil etish hamda muzokaralarga ko‘maklashishni o‘z ichiga oladi.
Uchrashuv ishtirokchilari, shuningdek, UZINFOCOM yechimlari bo‘yicha Koreya va Malayziyadagi moliya tashkilotlari, chakana savdo va sog‘liqni saqlash kompaniyalari, davlat tuzilmalari hamda boshqa salohiyatli buyurtmachilar bilan hamkorlikda pilot loyihalar va Proof of Concept dasturlarini ishga tushirish imkoniyatini ko‘rib chiqdi.
Bundan tashqari, IT-autsorsing, mutaxassislarni izlash va jalb qilish, AI-based matching hamda O‘zbekiston IT mutaxassislari ishtirokida kasbiy taʼlim sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi. O‘zaro hamkorlikning ehtimoliy formatlari sifatida biznes-missiyalar, demo kunlar, vebinarlar va vorkshoplar tilga olindi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar xalqaro bozorlarda IT mahsulotlarini ilgari surish, IT Park Uzbekistan ishtirokchilarining eksport faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, B2B hamkorlikni rivojlantirish va qo‘shma pilot loyihalarni amalga oshirishni o‘z ichiga olgan keyingi hamkorlik yo‘nalishlarini belgilab oldi.