Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent shahri Mirabod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi tomonidan voyaga yetmagan D. To‘rg‘unovga nisbatan chiqarilgan hukm ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Unda tayinlangan jazoning yengilligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu haqda Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot xizmatida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyat ishlarini ko‘rib chiqish va ularga nisbatan jazo tayinlash qonunchilik bilan alohida tartibga solinishini taʼkidladi.
Shu sababli D. To‘rg‘unovga nisbatan chiqarilgan hukm haqidagi rasmiy axborotda jinoyat sodir etilgan vaqtda u 16 yoshga to‘lmagani alohida taʼkidlangan. Jinoyat ishi yopiq sud majlisida ko‘rib chiqilgan va jazo Jinoyat kodeksining 85-moddasida nazarda tutilgan tartibda tayinlangan.
Toshkent shahar sudi matbuot xizmati birinchi instansiya sudining hukmi haqidagi rasmiy axborotning o‘zi shahar sudining pozitsiyasini aks ettirmasligini maʼlum qildi.
Xabarda qayd etilishicha, hukm ustidan shikoyat qilish huquqi va tartibi raislik qiluvchi sudya tomonidan taraflarga tushuntirilgan.
Bu, agar shikoyat berilsa, ish belgilangan tartibda yuqori sud instansiyasida ko‘rib chiqilishi va unga tegishli huquqiy baho berilishini anglatadi.
Eslatib o‘tamiz, Mirabod tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudi 2010 yilda tug‘ilgan, 16 yoshli D. To‘rg‘unovni jabrlanuvchining o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast yetkazishda aybdor deb topgan. Sud Jinoyat kodeksining 104-moddasi 3-qismi “d” bandi asosida unga 2 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.
Jazo muddati 2026 yil 27 fevral — mahkumga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llangan kundan boshlab hisoblanadi.
Eslatib o‘tamiz, 25 fevral kuni kechqurun xususiy maktabning 10-sinfida o‘qigan, haydovchilik guvohnomasiga ega bo‘lmagan o‘smir BMW M4 avtomashinasini boshqarib, xizmat vazifasini bajarayotgan yo‘l-patrul xizmati inspektori Hosilbek Eshnazarovni urib yuborgan. Jabrlanuvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan va keyinchalik vafot etgan.
Eshnazarov 1993 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan. U ichki ishlar organlaridagi xizmatini 2022 yilda boshlagan. Uning uch nafar farzandi qolgan.
Tekshiruv davomida voyaga yetmagan shaxs avval ham huquqbuzarliklar uchun javobgarlikka tortilgani aniqlangan. Jumladan, maktabda dars qoldirish, avtomashinani o‘zboshimchalik bilan boshqarish va yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzish holatlari qayd etilgan. Uning ota-onasiga ham maʼmuriy jazolar qo‘llanilgan.
Yo‘l-transport hodisasi sodir etilgan avtomashina 2024 yildan buyon transport vositasini boshqarish huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga 18 marta boshqaruvni topshirgani va yo‘l harakati qoidalarini 37 marta qo‘pol ravishda buzgani aniqlangan qiz nomiga ro‘yxatdan o‘tkazilgan.