O‘zbekiston

Toshkent maktablarida Face ID orqali davomat nazorati joriy etilmoqda

Toshkent maktablarida Face ID orqali davomat nazorati joriy etilmoqda
Toshkent maktablarida Face ID orqali davomat nazorati joriy etilmoqda / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Toshkent maktablarida o‘quvchilar davomatini raqamli nazorat qilish tizimi — SI Davomat joriy etilmoqda. U smart-kameralar va Face ID texnologiyasi yordamida o‘quvchilarning darsda qatnashganini avtomatik qayd etadi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Davomatni nazorat qilish va dars qoldirish holatlarini o‘z vaqtida aniqlash masalalari poytaxt hokimligi Vaziyat markazida o‘tkazilgan yig‘ilishda muhokama qilindi. Yig‘ilish ishtirokchilariga yangi tizimning ishlash mexanizmi va uning Sergeli tumanidagi sinov natijalari taqdim etildi.

Ayni paytda SI Davomat tizimi tumandagi 26 ta maktabda sinovdan o‘tkazilmoqda. Ularda 446 ta smart-kamera o‘rnatilgan. O‘quvchi uzrli sababsiz dars qoldirgan taqdirda, ota-onasiga avtomatik ravishda SMS-xabarnoma yuboriladi. Maʼlumotlar, shuningdek, maktab direktori, profilaktika inspektori, Milliy gvardiya xodimi va mahalla vakillariga ham yetkaziladi.

Tizim Sog‘liqni saqlash vazirligining ERP Maktab va DMED platformalari bilan integratsiya qilingan. Bu orqali davomat maʼlumotlari kasallik sababli darsda bo‘lmagan o‘quvchilarni uzrsiz sabab bilan dars qoldirganlardan ajratish imkonini beradi.

Davomat ko‘rsatkichlari asosida maktablar tegishli natijalarga qarab “yashil”, “sariq” va “qizil” toifalarga ajratiladi.

Sergeli tumanidagi tajriba natijalariga ko‘ra, SI Davomat tizimini Toshkentdagi boshqa umumtaʼlim maktablarida ham bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.