O‘zbekiston yirik kompaniyalardagi ulushlarini sotuvga chiqaradi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston yirik kompaniya va korxonalardagi davlat aksiyalari paketlari va ulushlarini sotuvga chiqarishni rejalashtirmoqda. Aktivlar ro‘yxati davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirishga qaratilgan 28 avgustdagi Prezident farmoni bilan tasdiqlangan.
Ro‘yxatdagi eng yirik bank aktivi “Turonbank” bo‘lib, uning 98,9 foiz aksiyasini ochiq savdoga chiqarish rejalashtirilmoqda. Iqtisodiyot va moliya vazirligiga bankning tayyorlik darajasi va xalqaro konsultantlarning xulosalarini hisobga olgan holda uni xususiylashtirishga tayyorlash topshirildi.
Davlatga 100 foiz tegishli bo‘lgan Xalq Sug‘urta sug‘urta kompaniyasini to‘liq xususiylashtirish rejalashtirilmoqda.
Transport sohasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» tizimiga kiruvchi Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va taʼmirlash zavodining 90 foiz aksiyasi hamda Andijon mexanika zavodining 100 foiz ulushi sotuvga chiqariladi.
Ro‘yxatga “O‘zekspomarkaz”ning 91,83 foizi, Xalqaro hamkorlik markazining 79,27 foizi, KO-UNG CYLINDERning 54,76 foizi, Kor-UNG Investmentning 50 foizi, V-GEN BIOPHARMAning 50 foizi, Inno Texnoparkning 100 foizi, Ustudyning 50 foizi va O‘ZBEK-TURK TEST MARKAZIning 51 foizi ham kiritilgan.
“O‘zekspomarkaz” va Xalqaro hamkorlik markazi uchun alohida tartib belgilangan. Ularni xususiylashtirish Prezident Administratsiyasi bilan kelishilgan konsepsiyalar va sotuv shartlari asosida amalga oshirilishi kerak.
Ro‘yxatga davlatning “Trastbank”dagi 0,001 foizlik ulushi ham kiritilgan. Ushbu paketni qiymatini alohida baholamasdan, birja kotirovkasi bo‘yicha sotishga ruxsat berilgan.
Xususiylashtirish yo‘l sohasiga ham taalluqli bo‘ladi. Davlat Avtomagistral unitar korxonasidagi aksiyalar paketlari va ulushlarini, shuningdek, avtomobil yo‘llarini qurish, ekspluatatsiya qilish va saqlash bilan shug‘ullanuvchi qator hududiy korxonalardagi ulushlarini sotishni rejalashtirmoqda.
Bundan tashqari, ro‘yxatga savdo obyektlari, jumladan, Namangan, Samarqand, Surxondaryo, Toshkent va Farg‘ona viloyatlaridagi dehqon bozorlari hamda savdo majmualaridagi davlat ulushlari ham kiritilgan. Ro‘yxatga kiritilgan ko‘plab korxonalarda davlat nazorat paketlariga ega.
Mazkur ro‘yxat 28 avgustdagi Prezident farmonida nazarda tutilgan davlatning iqtisodiyotdagi ishtirokini qisqartirish chora-tadbirlarining bir qismi hisoblanadi.