O‘zbekiston

Embraer O‘zbekistonga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirdi

Embraer O‘zbekistonga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirdi
Embraer O‘zbekistonga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirdi  / Foto: Embraer.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Embraer kompaniyasi 25 sentyabr kuni Braziliyaning Gavian-Peyshotu shahridagi korxonasida O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga birinchi C-390 Millennium harbiy-transport samolyotini topshirdi. Bu haqda Embraer xabar berdi.

Tantanali marosimda O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari qo‘mondoni general-mayor Ahmad Burxonov va “O‘ztextreyd” davlat muassasasi direktori Olimxon Rustamov ishtirok etdi.

Samolyotni yetkazib berish bo‘yicha shartnoma 2024 yil oxirida imzolangan. U, shuningdek, kompleks o‘quv va texnik qo‘llab-quvvatlash paketi, shuningdek, ehtiyot qismlar yetkazib berishni ham nazarda tutadi.

Embraer O‘zbekiston C-390 Millennium samolyotidan foydalanayotgan Markaziy Osiyodagi birinchi davlatga aylanganini maʼlum qildi. Kompaniyaga ko‘ra, samolyotning yetkazib berilishi mamlakat Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilish va havo mobilligi sohasidagi imkoniyatlarni rivojlantirish bo‘yicha saʼy-harakatlarning bir qismi hisoblanadi.

«Birinchi C-390 Millennium samolyotining yetkazib berilishi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlarini modernizatsiya qilishda muhim qadamdir. Samolyotning yuqori ko‘rsatkichlari, universalligi va turli vazifalarni bajarish imkoniyatlari bizga keng ko‘lamdagi missiyalarni yana-da samarali va tezkor amalga oshirish imkonini beradi», — dedi Ahmad Burxonov.

Embraer Defense & Security prezidenti va bosh direktori Bosko da Kosta Junior kompaniya O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlariga birinchi C-390 Millennium samolyotini topshirganidan va O‘zbekistonni ushbu samolyotdan foydalanuvchi davlatlar qatorida ko‘rishdan mamnun ekanini taʼkidladi.

C-390 Millennium 26 tonnagacha yuk ko‘tarishi va soatiga 470 uzelgacha tezlikda harakatlanishi mumkin. Samolyot turli vazifalarni bajarishga mo‘ljallangan bo‘lib, ular qatoriga yuklar va shaxsiy tarkibni tashish, texnika va xodimlarni desantlash, tibbiy evakuatsiya, qidiruv-qutqaruv operatsiyalari, yong‘inlarni o‘chirish hamda gumanitar missiyalar kiradi.

Samolyot vaqtinchalik yoki tuproq qoplamali uchish-qo‘nish yo‘laklaridan ham foydalanishi mumkin. Havoda yoqilg‘i quyish uskunasi o‘rnatilganda, C-390 Millennium havo tankeri va yoqilg‘i qabul qiluvchi samolyot vazifalarini ham bajara oladi.

Braziliyadan tashqari, C-390 Millennium samolyotidan Portugaliya, Vengriya, Janubiy Koreya, Niderlandiya, Avstriya, Chexiya, O‘zbekiston, Shvetsiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Slovakiya, Kolumbiya va Litva harbiy-havo kuchlari foydalanish uchun tanlagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.