Samarqandda Mercedes haydovchisi tez yordamga yo‘l bermadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqandda Mercedes-Benz avtomobili haydovchisi maxsus yorug‘lik va ovozli signallar bilan harakatlanayotgan tez tibbiy yordam mashinasiga yo‘l bermadi. Haydovchiga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko‘rildi, shuningdek, u bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Bu haqda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi inspeksiyasi xabar berdi.
Hodisa aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi. Kadrlarda Mercedes-Benz avtomobili shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanayotgani va maxsus jihozlangan tez yordam mashinasiga yo‘l bermayotgani ko‘rinadi.
Shu munosabat bilan haydovchilarga maxsus yorug‘lik va ovozli signallar yoqilgan holda harakatlanayotgan tezkor va maxsus xizmat avtomobillariga o‘z vaqtida yo‘l berish zarurligi eslatildi.
Tegishli talab favqulodda xizmatlarning to‘siqsiz harakatlanishini taʼminlash va yo‘l harakati ishtirokchilari xavfsizligini oshirishga qaratilgan.