Iqtisod

Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yiladi

Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yiladi
Nankin va Toshkent o‘rtasida yuk reyslari yo‘lga qo‘yiladi / Foto: Uzbekistan Airports.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Nankin shahri va Toshkent o‘rtasida muntazam yuk aviareyslarini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Parvozlar 2026 yil 12 oktyabrdan haftasiga uch marta amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu haqda Uzbekistan Airports xabar berdi.

 

Yangi yo‘nalishni yo‘lga qo‘yish masalasi Uzbekistan Airports kompaniyasining Jiangxi International Cargo Airlines va Beijing Capital Airlines vakillari bilan o‘tkazgan ishchi uchrashuvida muhokama qilindi.

Reyslarni amalga oshirish uchun Airbus A330 rusumli yuk samolyotlaridan foydalanish rejalashtirilmoqda. Tashuvlarni har ikki yo‘nalishda amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Yuklarning asosiy turlari uskunalar va transchegaraviy elektron tijorat tovarlaridan iborat bo‘lishi mumkin.

Uchrashuv ishtirokchilari yo‘nalishni ehtimoliy ishga tushirish bilan bog‘liq tijoriy va operatsion masalalarni ko‘rib chiqdi. Xususan, aeroport, yer usti va ombor xizmatlarini ko‘rsatish, havo kemalariga yoqilg‘i quyish shartlari, shuningdek, zarur infratuzilma va kadrlarni tayyorlash masalalari muhokama qilindi.

Nankin Sharqiy Xitoyning yirik sanoat va logistika markazi hamda Szyansu provinsiyasining maʼmuriy markazi hisoblanadi. Shahar Yanszi daryosi bo‘yida, Shanxaydan qariyb 300 kilometr masofada joylashgan.

Nankin va Toshkent o‘rtasida muntazam yuk aviaqatnovlarining yo‘lga qo‘yilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri yuk havo tashuvlari geografiyasini kengaytirish, shuningdek, savdo-logistika aloqalari va transchegaraviy elektron tijoratni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratishi mumkin.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.