Iqtisod

Farg‘ona vodiysi yangi biznes loyihalari maydoniga aylanadi

Farg‘ona vodiysi yangi biznes loyihalari maydoniga aylanadi
Farg‘ona vodiysi yangi biznes loyihalari maydoniga aylanadi / Foto: Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona, Sug‘d va Botken viloyatlari savdo, investitsiyalar, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlikni kengaytirish niyatida.

Mintaqalararo aloqalarni rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslar Tojikistonning Sug‘d viloyatida o‘tkazilayotgan Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumida taqdim etildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.

Forum Sug‘d viloyatining Guliston shahrida «Farg‘ona vodiysi: tinchlik, ishonch va farovonlik makoni» mavzusida o‘tkazilmoqda. Unda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, Sug‘d viloyati raisi Rajabboy Ahmadzoda, Qirg‘iziston Prezidentining Botken viloyatidagi vakolatli vakili Mamirjon Rahimov, shuningdek, BMT, YEI, YEXHT, Xalqaro migratsiya tashkiloti vakillari, ekspertlar va mutaxassislar ishtirok etmoqda.

Forum doirasida Bozorov Ahmadzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tomonlar savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy aloqalarni, sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligi va turizmni, shuningdek, madaniy-gumanitar hamkorlikni yana-da rivojlantirish masalalarini muhokama qildi.

Hududlar rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlarning rivojlanishi, shuningdek, Farg‘ona vodiysidagi uch davlat o‘rtasida hamkorlikning mustahkamlanishi fonida amaliy hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochilganini taʼkidladi.

2025 yil 31 mart kuni O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston rahbarlari tomonidan imzolangan abadiy do‘stlik to‘g‘risidagi Xo‘jand deklaratsiyasiga alohida eʼtibor qaratildi. Forum ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, erishilgan kelishuvlar savdo, transport aloqalari, turizm, madaniy almashinuv va chegara hududlari aholisi o‘rtasidagi aloqalarni kengaytirish uchun sharoit yaratadi.

Bozorov erishilgan siyosiy va gumanitar hamkorlik darajasini amaliy iqtisodiy loyihalarga aylantirishni taklif qildi. Xususan, chegara hududlari tadbirkorlari uchun «Farg‘ona vodiysi biznes-dialogi»ni tashkil etish taklif etilmoqda.

Mazkur maydon Farg‘ona, Sug‘d va Botken viloyatlari biznes vakillarini muntazam uchrashuvlar o‘tkazish, kooperatsiya loyihalarini shakllantirish hamda savdo, sanoat, qishloq xo‘jaligi, turizm va xizmatlar sohalarida qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish uchun birlashtirishi kerak.

Bundan tashqari, hokim 2027 yil fevral oyida «Farg‘ona Ekspo» biznes markazida uch hudud tadbirkorlari ishtirokida ko‘rgazma o‘tkazishni taklif qildi.

Bozorovning so‘zlariga ko‘ra, avvalgi forumda doimiy faoliyat yurituvchi «Markaziy Osiyo yosh tinchlikparvarlari klubi»ni tashkil etish, chegara hududlarida yoshlar lagerlari, madaniy festivallar va sport musobaqalarini o‘tkazish bo‘yicha ham tashabbuslar ilgari surilgan.

Boshqa takliflar qatorida raqamlashtirish va startaplarni qo‘llab-quvvatlash, talabalar almashinuvini rivojlantirish hamda ilmiy va taʼlim sohalarida hamkorlikni kengaytirish masalalari ham bor.

Joriy forumda Farg‘ona vodiysida tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash, o‘zaro ishonchni rivojlantirish hamda hududlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni kengaytirish choralari muhokama qilinmoqda.

Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Sug‘d viloyatiga tashrifi doirasida Ikkinchi Farg‘ona tinchlik forumining uchrashuvlari va tadbirlari davom etmoqda.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.