Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston banklari kreditlarni reklama qilishda va kredit shartnomalarida mijozlarni kreditni o‘z vaqtida so‘ndirmaslik oqibatida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida ogohlantirishi shart bo‘ladi. Tegishli Markaziy bank boshqaruvi qarori 2026 yil 30 sentyabrda Adliya vazirligida 3948-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi va rasmiy eʼlon qilinganidan bir oy o‘tgach kuchga kiradi.
Regulyator boshqaruvi mazkur 24/18-son qarorni 2026 yil 15 sentyabrda fuqarolar uchun davlat xizmatlarini takomillashtirish va qo‘shimcha qulayliklar yaratish to‘g‘risidagi Prezidentning 2026 yil 15 iyuldagi PQ-265-son qarori ijrosi doirasida qabul qilgan. Hujjatni Markaziy bank raisi Timur Ishmetov imzolagan.
O‘zgartishlar tijorat banklarining bank xizmatlari isteʼmolchilari bilan munosabatlardagi faoliyatiga qo‘yiladigan minimal talablar to‘g‘risidagi nizomga kiritildi. Yangi normaga ko‘ra, kreditlarning har qanday reklamasida bank kredit bo‘yicha majburiyatlarni bajarmaslik qarz oluvchi uchun moliyaviy xavflarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ogohlantirish joylashtirishi kerak.
Bosma va elektron vizual reklamalarda bunday ogohlantirish reklama maydonining kamida 10 foizini egallashi, audio va videoreklamalarda esa uning davomiyligining kamida 10 foizini tashkil etishi lozim.
Kredit shartnomalarida ogohlantirish yana-da ko‘zga tashlanadigan tarzda joylashtiriladi. U shartnomaning birinchi sahifasida, asosiy matn boshlanishidan oldin joylashtirilishi va sahifa maydonining kamida 30 foizini egallashi kerak. Ogohlantirish matni namunaviy shaklda tasdiqlangan.
Unda majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarmaslik qarzning umumiy miqdori oshishi va majburiy ijro choralari qo‘llanilishiga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatilgan. Qarz oluvchining mol-mulkiga undiruv qaratilishi mumkin. Agar uni sotishdan tushgan mablag‘lar qarzni to‘liq qoplash uchun yetarli bo‘lmasa, qarzning qolgan qismi qarz oluvchining zimmasida saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, undiruv uchinchi shaxs tomonidan garovga qo‘yilgan mol-mulkka ham qaratilishi mumkin, qarzni to‘lash majburiyati esa kafilga yuklatilishi mumkin. Kafil yoki garovga qo‘yuvchi tomonidan to‘langan mablag‘lar keyinchalik qarz oluvchidan undirilishi mumkin.
Ogohlantirishda boshqa ehtimoliy oqibatlar qatorida bank hisobvaraqlaridagi mablag‘larni xatlash, sud yoki davlat ijrochisi qaroriga ko‘ra O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklash, shuningdek, kredit tarixining yomonlashishi ham ko‘rsatilgan. Bu kelajakda kredit olish imkoniyatini cheklashi mumkin.
Banklar ogohlantirish matnini grafika, infografika yoki boshqa vizual shaklda rasmiylashtirishi mumkin. Bunda uning mazmuni to‘liq saqlanishi shart.
Shu bilan birga, banklar, nobank kredit tashkilotlari va kredit byurolariga nisbatan choralar va sanksiyalarni qo‘llash tartibi to‘g‘risidagi nizomga ham qo‘shimcha kiritildi.
Taʼsir choralarini qo‘llash asoslari ro‘yxatiga bank tomonidan taklif etilayotgan kredit mahsuloti isteʼmolchini chalg‘ituvchi deb topilgan holat ham kiritildi.