Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda suv resurslarining samarali boshqarish, suv monitoringi, hisobi va hisoboti yuritish, shuningdek, suv xo‘jaligi obyektlari xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar olib borilmoqda.
Shu bilan birga, suvning davlat hisobini yuritish, suv xo‘jaligi obyektlaridan va qurilmalaridan foydalanishda bevosita masʼul bo‘lgan shaxslarning javobgarligini belgilash, oqova suvlarni chiqarib yuborish tartibiga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, suv isteʼmolchilariga qulayliklar yaratish zarurati yuzaga kelmoqda.
Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Suv kodekslariga suvlarning davlat hisobini yuritish hamda suv xo‘jaligi obyektlaridan va qurilmalaridan hamda oqova suvlarni chiqarish tarmoqlaridan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishini, shuningdek, suvdan foydalanish to‘g‘risidagi shartnomalar maxsus axborot tizimida avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda ro‘yxatdan o‘tkazilishini nazarda tutuvchi tuzatishlar kiritilmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi suv resurslaridan samarali foydalanishga, sohada huquqbuzarliklarning oldini olishga va suv resurslarining muhofaza qilinishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.