Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov 7 oktyabr kuni Abu-Dabida bo‘lib o‘tgan Investopia Bridge 2026 forumi hamda «BAA — O‘zbekiston: kapitalni imkoniyatlar bilan bog‘lash» biznes-doira suhbatida ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi xabar berdi.
Tadbirlar davomida tomonlar qator ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini muhokama qildi.
Ular qatorida energetika, raqamli infratuzilma va sunʼiy intellekt, moliya sektori, kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, turizm, transport va logistika, shuningdek, development sohalari bor.
Tashrif doirasida Laziz Qudratov BAA iqtisodiyot va turizm vaziri Abdulla bin Tuq Al Marriy, investitsiyalar vaziri Muhammad Hasan Al Suvaydiy hamda tashqi savdo vaziri Tani bin Ahmad Al Zayyudiy bilan qator ikki tomonlama uchrashuvlar o‘tkazdi.
Bundan tashqari, Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri BAAning yirik kompaniyalari rahbarlari bilan muzokaralar olib bordi. Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini yana-da rivojlantirish va istiqbolli loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Tashrif yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston va BAA davlat tuzilmalari, investitsiya fondlari hamda biznes vakillari ishtirokidagi loyihalarni ilgari surish bo‘yicha keyingi qadamlar belgilab olindi.