Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Davlat aktivlarini boshqarish agentligi qurilish va maxsus texnika ishlab chiqaruvchi UzXCMG qo‘shma korxonasidagi davlat ulushini elektron auksionga qo‘ydi. Lot haqidagi maʼlumotlar E-auksion platformasida joylashtirilgan.
Savdoga Urganch shahrida joylashgan korxona ustav kapitalining 49,07 foizi qo‘yilgan. Korxona ustav fondining umumiy miqdori 80,9 mlrd so‘mni tashkil etadi, sotilayotgan ulushning nominal qiymati esa 39,71 mlrd so‘mga teng. Lotning boshlang‘ich narxi 140,53 mlrd so‘m etib belgilangan. Auksionni 19 oktyabr kuni o‘tkazish rejalashtirilgan.
1 aprel holatiga ko‘ra, UzXCMG korxonasining majburiyatlari 248,34 mlrd so‘mga yetgan. Shu bilan birga, zavodning debitorlik qarzlari 154,7 mlrd so‘mni tashkil etgan. Korxonada qayd etilgan sof zarar 1,39 mlrd so‘mga teng bo‘lgan.
Ikkinchi chorak boshida asosiy vositalarning balans qiymati 114,78 mlrd so‘mga baholangan. Ularning eskirish darajasi esa 24,58 foizni tashkil etgan.
Korxona xodimlarining o‘rtacha soni 160 nafarga yaqin.
Ishlab chiqarish majmuasi Urganch shahrining janubi-g‘arbiy chekkasida, taxminan 6 gektar maydonda joylashgan.
Hudud o‘z temir yo‘l tarmog‘iga ega. Majmua tarkibiga uch qavatli maʼmuriy bino va yig‘uv sexi kiradi.
Davlat ulushini sotish 2023 yil mart oyida tasdiqlangan xususiylashtirish dasturi doirasida amalga oshirilmoqda. Avgust oyi oxirida O‘zbekiston prezidenti ushbu aktivni sotish jarayonini jadallashtirish bo‘yicha topshiriq bergan.