Shoshilinch
Moliya

O‘zbekiston banklaridagi depozitlar bir yilda 34,1 foizga oshdi

O‘zbekiston banklaridagi depozitlar bir yilda 34,1 foizga oshdi
O‘zbekiston banklaridagi depozitlar bir yilda 34,1 foizga oshdi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklaridagi depozitlar qoldig‘i 487,6 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 34,1 foizga yoki 123,9 trln so‘mga ko‘pdir. Depozitlar bank sektorining asosiy ko‘rsatkichlari orasida eng tez o‘sgan ko‘rsatkich bo‘ldi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.

Milliy valyutadagi depozitlar 41,1 foizga oshib, 396,1 trln so‘mga yetdi. Xorijiy valyutadagi depozitlar esa 10,3 foizga o‘sib, 91,5 trln so‘mni tashkil qildi. Natijada valyuta depozitlarining umumiy depozitlar hajmidagi ulushi 22,8 foizdan 18,8 foizga kamaydi.

Eng tez o‘sish bir yilgacha bo‘lgan qisqa muddatli depozitlarda kuzatildi. Ularning hajmi 42,6 foizga oshib, 177,8 trln so‘mga yetdi, umumiy depozitlardagi ulushi esa 36,5 foizni tashkil qildi. Uzoq muddatli depozitlar 26 foizga o‘sib, 166,9 trln so‘mga yetgan bo‘lsa-da, ularning ulushi 36,4 foizdan 34,2 foizga qisqardi. Talab qilib olinguncha depozitlar hajmi 143 trln so‘mni yoki jami depozitlarning 29,3 foizini tashkil etdi.

Yuridik shaxslarning mablag‘lari 297,7 trln so‘mga teng bo‘lib, depozitlar bazasining 61,1 foizini tashkil qildi. Jismoniy shaxslarning omonatlari esa 189,9 trln so‘mga yoki umumiy hajmning 38,9 foiziga teng bo‘ldi.

Davlat ulushi mavjud banklardagi depozitlar 31,7 foizga oshib, 248,7 trln so‘mga yetdi. Qolgan banklarda esa depozitlar hajmi 36,7 foizga o‘sib, 238,9 trln so‘mni tashkil qildi.

Depozitlar hajmi bo‘yicha O‘zbekiston Milliy banki 57,1 trln so‘m bilan yetakchilik qilmoqda. Ikkinchi o‘rinni 48,8 trln so‘mlik depozitlarga ega bo‘lgan Kapitalbank egallagan. Ushbu bankka tizimdagi jami depozitlarning 10 foizi to‘g‘ri keladi. Keyingi o‘rinlarda Agrobank (44,4 trln so‘m), O‘zsanoatqurilishbank (36,4 trln so‘m) va Xalq banki (31,5 trln so‘m) joylashgan.

Jismoniy shaxslar omonatlari hajmi bo‘yicha eng yirik banklar Kapitalbank bo‘lib, undagi omonatlar 29,1 trln so‘mni, Agrobankda esa 23,8 trln so‘mni tashkil etgan.

Oktobank depozitlari bir yil ichida 3,7 trln so‘mdan 16,7 trln so‘mgacha oshdi. Uzum bankda esa ushbu ko‘rsatkich 136 mlrd so‘mdan 1,35 trln so‘mga yetdi.

Depozitlarning asosiy qismi Toshkent shahrida jamlangan. Poytaxtdagi depozitlar hajmi 370,8 trln so‘mni yoki umumiy hajmning 76 foizini tashkil etdi. Hududlar orasida eng katta depozit qoldiqlari Samarqand viloyatida (14,7 trln so‘m), Buxoro viloyatida (13,8 trln so‘m) va Xorazm viloyatida (13 trln so‘m) qayd etildi.

Bank tizimida kreditlarning depozitlarga nisbati 1,6 dan 1,33 gacha pasaydi. Davlat ulushi mavjud banklarda bu ko‘rsatkich 1,69 ni, boshqa banklarda esa 0,95 ni tashkil qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.