Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining kredit portfeli 648,9 trln so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11,7 foizga yoki 67,9 trln so‘mga ko‘pdir. Jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar 18,6 foizga oshib, 243,6 trln so‘mga yetdi. Ularning kredit portfelidagi ulushi esa 37,5 foizni tashkil qildi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Sanoat sohasiga ajratilgan kreditlar bir yilda 10,9 foizga kamayib, 132,4 trln so‘mni tashkil etdi. Ushbu kreditlarning umumiy portfeldagi ulushi 25,6 foizdan 20,4 foizga tushdi.
Qishloq xo‘jaligiga kredit ajratish hajmi 14,6 foizga oshib, 66,7 trln so‘mga yetdi. Savdo va umumiy ovqatlanish hamda aholiga xizmat ko‘rsatish sohalariga berilgan kreditlar 23,5 foizga o‘sib, 51 trln so‘mni tashkil qildi. Qurilish sohasiga ajratilgan kreditlar 35,5 foizga oshib, 22,5 trln so‘mga yetdi. Transport va kommunikatsiya sohalariga berilgan kreditlar esa 2,4 foizga kamayib, 32,9 trln so‘mni tashkil etdi.
2026 yil boshidan buyon banklarning kredit portfeli 7,4 foizga o‘sdi. Shu davrda ipoteka kreditlari 12,9 foizga oshib, 89,7 trln so‘mga yetdi. Jismoniy shaxslarga berilgan mikrokreditlar 19,1 foizga o‘sib, 48,2 trln so‘mni tashkil qildi.
Mikroqarzlar hajmi 5 foizga oshib, 51,3 trln so‘mga yetdi. Avtokreditlar 3,2 foizga o‘sib, 41 trln so‘mni tashkil qildi. Kredit kartalari va overdraftlar hajmi 38,1 foizga oshib, 6,1 trln so‘mga yetgan bo‘lsa, taʼlim kreditlari 1,1 foizga kamayib, 6,9 trln so‘mni tashkil etdi. Yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar yil boshidan buyon 5,6 foizga o‘sib, 405,3 trln so‘mga yetdi.
Xorijiy valyutadagi kreditlar hajmi 248,1 trln so‘mni tashkil etdi. Ularning umumiy kredit portfelidagi ulushi 40,3 foizdan 38,2 foizga kamaydi.
Uzoq muddatli kreditlar 571,8 trln so‘mni yoki jami kredit portfelining 88,1 foizini tashkil qildi.
Davlat ulushi mavjud banklarning kredit portfeli 6,7 foizga o‘sib, 421,5 trln so‘mga yetdi. Qolgan banklarda esa ushbu ko‘rsatkich 22,2 foizga oshib, 227,5 trln so‘mni tashkil qildi.
Eng yirik kredit portfellari O‘zbekiston Milliy bankida — 104 trln so‘m, Agrobankda — 94,7 trln so‘m va O‘zsanoatqurilishbankda — 59,1 trln so‘m qayd etildi.
Toshkent shahri hissasiga 293,7 trln so‘mlik kreditlar to‘g‘ri kelib, bu umumiy kredit portfelining 45,3 foizini tashkil qildi. Hududlar orasida eng ko‘p kreditlar Farg‘ona viloyatida — 38 trln so‘m va Samarqand viloyatida — 33,8 trln so‘m miqdorida qayd etildi.
2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, muammoli kreditlar hajmi 24 trln so‘mni yoki umumiy kredit portfelining 3,7 foizini tashkil etdi. Davlat ulushi mavjud banklarda muammoli kreditlar ulushi 3,9 foizga, boshqa banklarda esa 3,3 foizga teng bo‘ldi.