Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, O‘zbekiston tijorat banklarining jami aktivlari 1 025,8 trln so‘mni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich bir yil davomida 18,8 foizga oshgan.
Shu davrda kredit portfeli 11,7 foizga o‘sib, 648,9 trln so‘mga, depozitlar esa 34,1 foizga ko‘payib, 487,6 trln so‘mga yetdi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki xabar berdi.
Bank sektori jami kapitali 151,5 trln so‘mga yetdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 17,6 foizga ko‘p.
2026 yil 1 sentyabr holatiga ko‘ra, banklarning sof foydasi 13,8 trln so‘mni tashkil etdi. O‘tgan yilning shu sanasida bu ko‘rsatkich 9 trln so‘m bo‘lgan. Shu tariqa, sof foyda 52,5 foizga oshdi. Banklarning majburiyatlari bir yilda 19,1 foizga ko‘payib, 874,3 trln so‘mga yetdi. Ularning tarkibida depozitlar ulushi 49,5 foizdan 55,8 foizga ko‘tarildi.
Depozitlar kreditlarga nisbatan tezroq o‘sdi. Natijada kreditlarning depozitlarga nisbati bir yil ichida 1,6 dan 1,33 gacha pasaydi. Asosiy ko‘rsatkichlarda xorijiy valyuta ulushi ham kamaydi: aktivlarda 39 foizdan 33,7 foizga, kreditlarda 40,3 foizdan 38,2 foizga, depozitlarda esa 22,8 foizdan 18,8 foizga tushdi.
Mamlakatda 35 ta tijorat banki faoliyat yuritmoqda. Bir yil avval ularning soni 36 ta edi. Davlat ulushiga ega to‘qqizta bank bank tizimi aktivlarining 61,2 foizini, kreditlarining 65 foizini va depozitlarining 51 foizini tashkil etadi. Shu bilan birga, davlat banklari aktivlari bir yilda 11,6 foizga, qolgan 26 ta bank aktivlari esa 32,5 foizga o‘sdi.
Aktivlari hajmi bo‘yicha eng yirik bank maqomini 142,8 trln so‘mlik aktivlarga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki saqlab qoldi. Uning ulushiga bank sektori jami aktivlarining 13,9 foizi to‘g‘ri keladi.
Keyingi o‘rinlarda 126,3 trln so‘m aktivga ega Agrobank va 101,8 trln so‘m aktivga ega O‘zsanoatqurilishbank joylashgan. Aktivlari 30 trln so‘mdan ortiq bo‘lgan 12 ta bankka tizimdagi jami aktivlarning 78,5 foizi to‘g‘ri keladi.
Bank sektorida kapital yetarliligi koeffitsiyenti 18,3 foizni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich 17,9 foiz bo‘lgan.
Aktivlar rentabelligi (ROA) 2 foizdan 2,4 foizga, kapital rentabelligi (ROE) esa 11,2 foizdan 14,4 foizga oshdi.
1 sentyabr holatiga ko‘ra, muammoli kreditlar (NPL) hajmi 24 trln so‘mni yoki kredit portfelining 3,7 foizini tashkil etdi.
Banklarning yuqori likvidli aktivlari 222 trln so‘mga yetdi. Ularning jami aktivlardagi ulushi esa bir yil avvalgi 18 foizdan 22,3 foizga ko‘tarildi.