O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O'z Ўз Ру En
Iqtisod

O‘zbekiston Polskamp B.V. parrandachilik mahsulotlari importini chekladi

Dilafro'z Niyazova · 10.09.2026 · 10:30 · 33 views
O‘zbekiston Polskamp B.V. parrandachilik mahsulotlari importini chekladi
O‘zbekiston Polskamp B.V. parrandachilik mahsulotlari importini chekladi / Foto: Oʻzbekiston Oziq-ovqat xavfsizligi qoʻmitasi.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda Niderlandiyaning Polskamp B.V. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan parrandachilik mahsulotlarining barcha turlari importi vaqtincha cheklandi. Mazkur chora oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va aholi salomatligini muhofaza qilish maqsadida qabul qilindi.

Cheklov joriy etilishiga 2026 yil 30 iyul kuni eʼlon qilingan Oziq-ovqat mahsulotlari va yem-xashaklar bo‘yicha Yevropa tezkor ogohlantirish tizimi (RASFF)ning rasmiy axboroti asos bo‘ldi.

RASFF maʼlumotlariga ko‘ra, Polskamp B.V. tomonidan ishlab chiqarilgan parrandachilik mahsulotlarida Salmonella Typhimurium patogen mikroorganizmi aniqlangan. U insonlar va hayvonlar salomatligi uchun xavf tug‘diradi.

Shu munosabat bilan davlat chegarasi orqali o‘tkazish punktlarida veterinariya nazorati kuchaytiriladi. Mazkur chora O‘zbekiston hududida salmonella bilan zararlangan bo‘lishi mumkin bo‘lgan mahsulotlarning sotuvga chiqarilishining oldini olishga qaratilgan.

Salmonella Typhimurium xavflilikning ikkinchi guruhiga kiruvchi infeksiya bo‘lib, notifoid salmonellyoz qo‘zg‘atuvchisi hisoblanadi. Kasallik ich ketishi va yuqori harorat bilan kechishi, og‘ir holatlarda esa sepsisga olib kelishi mumkin.

Butunjahon hayvonlar salomatligi tashkiloti (WOAH) ham salmonellani jamoat salomatligi uchun jiddiy zoonoz xavf tug‘diruvchi qo‘zg‘atuvchilar qatoriga kiritadi. Tashkilot bunday infeksiyalar tarqalishini doimiy nazorat qilish zarurligini taʼkidlaydi.

Polskamp B.V. mahsulotlari importiga joriy etilgan vaqtinchalik cheklov korxona mahsulotlarining xavfsizligi belgilangan tartibda tasdiqlangunga qadar amal qiladi.

Import qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga veterinariya va oziq-ovqat xavfsizligi sohasida amaldagi talablarga qatʼiy rioya qilish tavsiya etildi.