Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jizzax davlat pedagogika universitetida Pekin til va madaniyat universiteti hamda Beijing Financial Street Education Investment Co., Ltd. bilan hamkorlikda Xitoy tili va madaniyati markazi ochildi. Bu haqda Jizzax davlat pedagogika universiteti xabar berdi.
Markazning ochilish marosimida Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari Zafar Azimov, Beijing Financial Street Education Investment Co., Ltd. bosh direktori Van Yuysi boshchiligidagi Xitoy delegatsiyasi, shuningdek, universitet rahbariyati ishtirok etdi.
Joriy o‘quv yilidan boshlab universitetda xitoy tili yo‘nalishiga 50 nafar talaba qabul qilindi. Ularga darslarni Xitoydan kelgan to‘rt nafar mutaxassis o‘tkazmoqda.
Markazning ochilish marosimi doirasida xitoy tilidan namunali dars o‘tkazildi. Shuningdek, ishtirokchilarga yangi markaz faoliyatining asosiy yo‘nalishlari taqdim etildi.
Markazning ochilishi Jizzax davlat pedagogika universitetida talabalarga xitoy tilini o‘rganish va Xitoy madaniyati bilan tanishish uchun yangi taʼlim maydonini yaratdi.