Shoshilinch
O‘zbekiston

Litva O‘zbekiston va yana uch davlatda yashash guvohnomalarini berish markazlarini yopadi

Litva O‘zbekiston va yana uch davlatda yashash guvohnomalarini berish markazlarini yopadi
Litva O‘zbekiston va yana uch davlatda yashash guvohnomalarini berish markazlarini yopadi / Foto: FB/Martynas Katelynas.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Litva O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston hamda Bosniya va Gersegovinada yashash uchun ruxsatnomalar berish bilan shug‘ullanuvchi tashqi markazlar faoliyatini to‘xtatadi. Qaror xavfsizlik va terrorizm bilan bog‘liq ehtimoliy tahdidlar baholanishi bilan bog‘liq. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Martinas Katelinas maʼlum qildi.

Ichki ishlar vaziri Litva hukumati yuqorida qayd etilgan davlatlarda bunday markazlar faoliyatini saqlab qolish uchun asos ko‘rmayotganini bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, qaror qabul qilishda xavfsizlik sohasidagi vaziyat haqidagi maʼlumotlar inobatga olingan.

Katelinas, shuningdek, Litva Davlat xavfsizligi departamenti mazkur davlatlar fuqarolari orasidan radikal qarashlarga amal qiluvchi ayrim shaxslarni aniqlaganini maʼlum qildi.

«Biz xavf-xatarlarning hodisalarga aylanishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz», — deb yozdi vazir Facebook‘dagi sahifasida.

Litva hukumati keltirgan maʼlumotlarga ko‘ra, 1 sentyabr holatiga mamlakatda 227 ming nafar xorijiy fuqaro bo‘lgan. Eng katta guruhni Ukraina fuqarolari tashkil etgan — qariyb 80 ming kishi. Shuningdek, Litvada 48 ming nafar Belarus fuqarosi, Rossiya va O‘zbekistondan 13 ming nafardan fuqaro, 9,4 ming nafar Hindiston fuqarosi hamda 7,4 ming nafar Tojikiston fuqarosi yashagan.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.