Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat kotibi Marko Rubio 17–22 oktyabr kunlari O‘zbekiston va Hindistonga tashrif buyuradi. Safar dasturidan Samarqand, shuningdek, Hindistonning Mumbay va Jamnagar shaharlari o‘rin olgan. Bu haqda AQSH Davlat departamentining 13 oktyabr kuni eʼlon qilingan bayonotida maʼlum qilindi.
Samarqandda Rubio AQSH va Markaziy Osiyoning beshta davlati — Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston va O‘zbekistonni birlashtiruvchi C5+1 formatidagi tashqi ishlar vazirlari uchrashuvida ishtirok etadi. Ushbu hamkorlik mexanizmi taxminan 2015 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
AQSH tashqi siyosat idorasi bayonotida taʼkidlanishicha, uchrashuv C5+1 doirasidagi strategik hamkorlikning AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlarida tinchlikni mustahkamlash hamda farovonlikni taʼminlashdagi roliga bag‘ishlanadi. Tashrif davomida Davlat kotibi mintaqa davlatlari vakillari bilan ikki tomonlama muzokaralar ham o‘tkazadi.
Davlat departamenti maʼlumotlariga ko‘ra, Rubio bilan birga O‘zbekistonga AQSH yirik biznesining 200 dan ortiq vakili ham keladi. Vashington ushbu tashrif AQSH va Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yana-da rivojlantirishga turtki berishini kutmoqda.
Hindistonda Rubio mamlakat rasmiylari bilan uchrashib, ikki tomonlama strategik sheriklik, mintaqa va dunyodagi vaziyat, shuningdek, energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qiladi. Bundan tashqari, ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirishga qaratilgan ishbilarmon doiralar vakillari bilan muzokaralar o‘tkazish ham rejalashtirilgan.