O‘zbekiston va Gonkong transport loyihalarini muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston transport vaziri Ilhom Mahkamov 28 avgust kuni Gonkong Maxsus maʼmuriy hududining «Bir makon, bir yo‘l» ofisi rahbari Nikolas Xo Lik-Chi bilan transport va infratuzilma sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Bu haqda O‘zbekiston Transport vazirligi xabar berdi.
Tomonlar, shuningdek, Gonkong banklarining “Toshkent–Samarqand” pullik avtomobil yo‘lini qurishni moliyalashtirishdagi ishtiroki masalasini ko‘rib chiqdi.
Uchrashuv davomida O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasida transport, yuk tashish va infratuzilma loyihalarini amalga oshirish sohalaridagi hamkorlikning joriy holati muhokama qilindi.
2026 yil may oyida O‘zbekiston delegatsiyasining Bosh vazir boshchiligida Gonkongga tashrifi yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlarga alohida eʼtibor qaratildi. Muzokara ishtirokchilari hamkorlikni rivojlantirish va erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo‘yicha keyingi qadamlarni ko‘rib chiqdi.
Muhim masalalardan biri Gonkong banklarini “Toshkent–Samarqand” pullik avtomobil yo‘lini qurish loyihasini moliyalashtirishga jalb qilish bo‘ldi. Nikolas Xo Lik-Chining taʼkidlashicha, umumiy loyihalar portfeli orasida aynan ushbu loyiha Gonkong tomoni uchun ustuvor hisoblanadi.
Bundan tashqari, tomonlar O‘zbekiston va Gonkong o‘rtasida Havo qatnovi to‘g‘risidagi Hukumatlararo bitimni imzolash istiqbollarini muhokama qildi. Xususan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muntazam aviaqatnovlarni yo‘lga qo‘yish imkoniyati haqida so‘z bordi.
Muzokaralar yakunlari bo‘yicha tomonlar hamkorlikni yana-da kengaytirishdan manfaatdor ekanini tasdiqladi hamda istiqbolli transport va infratuzilma loyihalari bo‘yicha amaliy ishlarni davom ettirishga kelishib oldi.