Farg‘onada elektrobus ishlab chiqarish zavodi qurilishi boshlandi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyatining Yozyovon tumanida Xitoyning Xiang Yang Tenglong Automobile va GIG Investments kompaniyalari bilan hamkorlikda elektrobuslar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boshlandi. Loyiha qiymati 170 million dollarni tashkil etadi. Korxonani 2027 yil dekabr oyida ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu haqda Farg‘ona viloyati hokimligi xabar berdi.
Korxona Yozyovon tumanidagi “Ijodkor” mahallasi hududida joylashgan maxsus sanoat zonasida barpo etiladi. Loyiha uchun 10 gektar yer maydoni ajratilgan. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 700 tagacha elektrobus ishlab chiqarish imkonini beradi.
Birinchi bosqichda korxona elektrobuslar ishlab chiqarishga ixtisoslashadi. Keyinchalik loyiha doirasida elektr yuk avtomobillarini ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ham ko‘zda tutilgan.
Ishlab chiqariladigan mahsulotlar O‘zbekiston ichki bozoriga yetkazib berilishi, shuningdek, xorijiy davlatlarga eksport qilinishi rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi Farg‘ona viloyatining sanoat salohiyatini yana-da rivojlantirish va yangi ish o‘rinlari yaratishga xizmat qilishi kutilmoqda.
Loyihani boshlash marosimida Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov, tadbirkorlar va investorlar, jamoatchilik vakillari hamda faxriylar ishtirok etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqan Bozorov ishtirokchilarni O‘zbekiston mustaqilligining 35 yilligi bilan tabriklab, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlar natijalarini qayd etdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi yillarda Yozyovon tumanida keng ko‘lamli bunyodkorlik loyihalari amalga oshirilmoqda.
Hokim muqobil energiya manbalaridan foydalanishni kengaytirish va zamonaviy ekologik toza transport vositalarini ishlab chiqarishni rivojlantirish muhimligini ham taʼkidladi.
Tadbirda «Sog‘lom avlod uchun» II darajali ordeni sohibi, shoira Oktamxon Soliyeva ham so‘zga chiqdi. U tuman faollari va katta avlod vakillari nomidan O‘zbekiston Prezidentiga amalga oshirilayotgan islohotlar va yaratilayotgan imkoniyatlar uchun minnatdorlik bildirdi.
Tadbir yakunida birinchi toshni qo‘yish marosimi o‘tkazildi. Shundan so‘ng qurilish ishlari boshlandi.