Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Amerikaning Traxys kompaniyasi muhim mineral resurslar sohasidagi hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risida kelishuv imzoladi. Hujjat o‘zaro hamkorlik va birgalikdagi faoliyatning keyingi yo‘nalishlarini belgilaydi. Kelishuv O‘zbekiston hukumati vakillarining kompaniya rahbariyati bilan C5+1 biznes-forumi doirasida o‘tkazgan uchrashuvi yakunlari bo‘yicha imzolandi.
Muzokaralarda O‘zbekiston Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, tog‘-kon sanoati va geologiya vaziri Bobur Islomov hamda Traxys kompaniyasining bosh ijrochi direktori Mark Kristoff ishtirok etdi.
Tomonlar muhim minerallar sohasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollarini muhokama qildilar. Bunda geologik qidiruv ishlari, mineral xomashyoni qazib olish va chuqur qayta ishlash, investitsiyalarni jalb qilish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish hamda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalariga asosiy eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv O‘zbekistonning tog‘-kon-geologiya sohasini transformatsiya qilish, investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish va uzoq muddatli hamkorlikni rivojlantirishga bag‘ishlangan avvalgi muzokaralarning davomi bo‘ldi.
Uchrashuv ishtirokchilari tarmoq korxonalari bilan hamkorlikni kengaytirish va barqaror ishlab chiqarish zanjirlarini shakllantirish uchun salohiyat mavjudligini taʼkidladilar.
O‘zbekiston vakillari qo‘shma tashabbuslarni amaliy jihatdan ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishga tayyor ekanliklarini tasdiqladilar. Traxys rahbariyati esa o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da rivojlantirish va mamlakatdagi istiqbolli loyihalarda ishtirok etishdan manfaatdorligini bildirdi.