Uzbekistan Airways o‘quv markaziga Boeing 787-9 trenajyori o‘rnatadi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Uzbekistan Airways Toshkentdagi aviakompaniyaning O‘quv-mashg‘ulot markaziga Markaziy Osiyodagi Boeing 787-9 Dreamliner samolyotlari uchun birinchi to‘liq funksional FFS trenajyorini o‘rnatadi. Bu haqda aviakompaniya Dreamliner samolyotlaridan foydalanish boshlanganiga 10 yil to‘lishiga bag‘ishlangan tadbirda maʼlum qildi.
Trenajyorni xarid qilish Uzbekistan Airwaysning Boeing kompaniyasi bilan 22 ta Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini yetkazib berish bo‘yicha tuzgan shartnomasida ko‘zda tutilgan. Qurilma Kanadaning CAE Inc. kompaniyasi tomonidan ishlab chiqariladi va sertifikatlashning eng yuqori — Level D toifasiga ega bo‘ladi.
Trenajyor ekipaj kabinasi, samolyot tizimlari va uning parvoz xususiyatlarini maksimal darajada aniq aks ettiradi. U pilotlarni tayyorlashning to‘liq siklini bevosita O‘zbekistonda o‘tkazish imkonini beradi.
O‘z trenajyorining ishga tushirilishi uchuvchi tarkibini tayyorlash jarayonini yana-da mustaqillashtiradi va pilotlarni xorijdagi o‘quv markazlariga yuborish zaruratini kamaytiradi. Aviakompaniyada Dreamliner parkini kengaytirish rejalari munosabati bilan mazkur qaror ayniqsa dolzarb ekani taʼkidlanmoqda.
Uzbekistan Airways Boeing 787 samolyotlaridan o‘n yildan buyon foydalanib kelmoqda. Birinchi Boeing 787-8 Dreamliner 2016 yil sentyabr oyida Toshkentga yetib kelgan, mazkur turdagi ikkinchi samolyot esa shu yil noyabr oyida qabul qilingan. 2018 yilda aviakompaniya uchinchi Dreamliner samolyotini olgan, 2019 yilda parki yana ikkita samolyot bilan to‘ldirilgan. 2021 yil may oyida esa oltinchi Boeing 787-8 Toshkentga kelgan.
2025 yilda Uzbekistan Airways o‘z tarixidagi eng yirik shartnomani imzolab, 22 ta keng fyuzelyajli Boeing 787-9 Dreamliner samolyotini yetkazib berishga buyurtma berdi. Ushbu kelishuv doirasidagi birinchi samolyotlar 2031 yildan boshlab yetkazib berilishi kutilmoqda.
Aviakompaniya maʼlum qilishicha, Dreamliner parkining kengaytirilishi uzoq masofali yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish imkoniyatlarini oshirish, parvozlar geografiyasini kengaytirish va yangi qitʼalararo yo‘nalishlarni ochish imkonini beradi.