To‘rtko‘lda rekonstruksiyadan so‘ng vokzal ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida To‘rtko‘lda rekonstruksiya qilingan temir yo‘l vokzali foydalanishga topshirildi. Yangilanishdan so‘ng yo‘lovchilar uchun yangi kutish zali, elektron axborot tablosi va bepul Wi-Fi kabi zamonaviy xizmat ko‘rsatish sharoitlari yaratildi. Bu haqda “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ matbuot xizmati xabar berdi.
To‘rtko‘l temir yo‘l vokzali 2001 yilda qurilgan bo‘lib, 2026 yilda to‘liq rekonstruksiyadan o‘tkazildi. Taʼmirlash ishlari davomida binoning ichki va tashqi qismlari yangilandi, zamonaviy kutish zali jihozlandi va yangi o‘rindiqlar o‘rnatildi.
Vokzalda elektron axborot tablosi ham paydo bo‘ldi. U orqali yo‘lovchilar poyezdlar harakati haqida tezkor maʼlumot olishlari mumkin. Shuningdek, tashrif buyuruvchilar uchun bepul Wi-Fi xizmati yo‘lga qo‘yildi.
Vokzalda birinchi marta zamonaviy VIP-zal ham tashkil etildi. U poyezd kutayotgan yo‘lovchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, yuqori darajada xizmat ko‘rsatishni nazarda tutadi.
Rekonstruksiya jarayonida nogironligi bo‘lgan va imkoniyati cheklangan yo‘lovchilar uchun ham zarur sharoitlar yaratildi. Bagaj tashish uchun vokzal maxsus aravachalar bilan jihozlandi.
Obodonlashtirish ishlari vokzalga tutash hududni ham qamrab oldi. Hudud ko‘kalamzorlashtirildi, vokzal hududida chakana savdo shoxobchalari, bankomat, aloqa vositalari va ofis xizmatlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Hozirda To‘rtko‘l vokzali Qoraqalpog‘iston Respublikasining muhim temir yo‘l infratuzilmasi obyektlaridan biri bo‘lib qolmoqda. U kuniga o‘rtacha 150–200 nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.
Bir sutka davomida vokzal o‘rtacha to‘rtta yo‘lovchi poyezdni qabul qilib, jo‘natadi.
Rekonstruksiyadan so‘ng vokzal yo‘lovchilarga yana-da zamonaviy, xavfsiz va qulay xizmat ko‘rsatish sharoitlarini taʼminlashi kutilmoqda.