Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Nepalning xalqaro Chaudhary Group kompaniyalar guruhi iqtisodiyotning bir nechta tarmog‘ida qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish istiqbollarini muhokama qildi.
O‘zbekiston investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratovning guruh raisi Binod Chaudxari bilan muzokaralari 19 oktyabr kuni Samarqandda bo‘lib o‘tdi.
Muhokamalarning asosiy yo‘nalishlaridan biri oziq-ovqat sanoati bo‘ldi. Tomonlar yangi ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish va distribyutorlik tarmoqlarini rivojlantirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqdi.
Shuningdek, mehmonxona biznesi va development sohalariga, jumladan, mahalliy hamkorlar ishtirokida mehmonxona majmualarini barpo etish masalalariga eʼtibor qaratildi.
Bundan tashqari, uchrashuv ishtirokchilari energetika, infratuzilma qurilishi va sog‘liqni saqlash sohalaridagi ehtimoliy hamkorlikni muhokama qildi.
Muzokaralar yakunida tomonlar ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish mexanizmlarini belgilashga kelishib oldi.