Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda onkologik, gematologik va immunologik kasalliklarga chalingan bolalarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini rivojlantirish davom etmoqda.
Asosiy vazifalar qatoriga kasalliklarni erta aniqlash, zamonaviy davolash usullarini joriy etish va 2030 yilga qadar yosh bemorlarning besh yillik yashab qolish ko‘rsatkichini kamida 60 foizga yetkazish kiradi. Ushbu maqsadlar prezidentning 2025 yil 19 maydagi PQ-186-son qarorida belgilangan.
Bolalar onkologiyasi va gematologiyasi bo‘yicha alohida ixtisoslashtirilgan xizmat 2021 yilda prezidentning tegishli qarori qabul qilinganidan keyin shakllana boshladi. O‘sha vaqtda ushbu yo‘nalishlar kattalarga tibbiy yordam ko‘rsatish tizimidan ajratildi.
Hozirgi vaqtda Toshkentdagi Bolalar onkologiyasi, gematologiyasi va immunologiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududlardagi tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni mustahkamlamoqda. Bu kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash, bolalarni ixtisoslashtirilgan markazlarga o‘z vaqtida yo‘naltirish va davolashning uzviyligini taʼminlash imkonini beradi.
2024 yil 1 iyuldan boshlab voyaga yetgunga qadar onkologik, gematologik yoki immunologik kasalliklar bo‘yicha davolanishni boshlagan bemorlar belgilangan tibbiyot muassasalarida 21 yoshga to‘lgunga qadar, shu jumladan, 21 yoshda ham bepul davolanishni davom ettirishlari mumkin.
Shu bilan birga, ixtisoslashtirilgan markazning moddiy-texnik bazasi mustahkamlanib, statsionar davolanish imkoniyatlari kengaytirilmoqda. Tibbiyot amaliyotiga zamonaviy jarrohlik aralashuvlari, molekulyar-genetik va immunogistokimyoviy diagnostika usullari joriy etilmoqda.
2025 yilning birinchi yarmida markaz mutaxassislari 392 ta jarrohlik amaliyotini o‘tkazdi. Ularning 90 tasi yuqori texnologiyali jarrohlik aralashuvlari toifasiga kirdi.
Ustuvor yo‘nalishlar qatoriga gemopoetik o‘zak hujayralar transplantatsiyasini rivojlantirish, zamonaviy davolash usullarini qo‘llash ko‘lamini kengaytirish va bolalarni davolashda xalqaro tajribadan foydalanish ham kiradi.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamdan foydalanish imkoniyatlarini oshirish, ilg‘or tibbiy texnologiyalarni qo‘llash ko‘lamini kengaytirish va og‘ir kasalliklarga chalingan bolalarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan.