O‘zbekiston

Narbayeva Qatar bilan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi

Narbayeva Qatar bilan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi
Narbayeva Qatar bilan parlamentlararo aloqalarni rivojlantirishni muhokama qildi / Foto: O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati matbuot xizmati.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 153-Assambleyasi doirasida Qatar Sho‘ro Kengashi Raisi o‘rinbosari Hamda bint Hasan Ol-Sulaytiy bilan uchrashdi. Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi siyosiy muloqotni mustahkamlash va parlamentlar hamkorligini kengaytirish masalalarini muhokama qildilar.

Uchrashuv davomida ishtirokchilar O‘zbekiston va Qatar rahbarlari erishgan kelishuvlarni amalga oshirishda qonun chiqaruvchi organlarning rolini oshirish muhimligini taʼkidladilar.

Parlamentlararo aloqalarni yana-da rivojlantirish maqsadida sohaviy qo‘mitalar va parlamentlararo hamkorlik guruhlari o‘rtasida muntazam aloqalarni yo‘lga qo‘yish, onlayn uchrashuvlar o‘tkazish hamda o‘zaro tashriflarni tashkil etish taklif qilindi.

Shuningdek, hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilab beradigan qo‘shma «yo‘l xaritasi»ni tayyorlash imkoniyati ham ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvda gender tengligi va xotin-qizlarning huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Hamda bint Hasan Ol-Sulaytiy O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholadi va Osiyo xotin-qizlarining ikkinchi forumi muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

Suhbat davomida O‘zbekistonning gumanitar tashabbuslari, G‘azo aholisiga ko‘rsatilayotgan yordam va mamlakatning mojaroni tinch yo‘l bilan hal etishga qaratilgan saʼy-harakatlari ham yuqori baholandi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.