O‘zbekiston

Buxoroda o‘smirga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi

Buxoroda o‘smirga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi
Buxoroda o‘smirga nisbatan zo‘ravonlik bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi / Foto: UzDaily.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Bolalar ombudsmani Buxoro viloyatida voyaga yetmagan shaxsga nisbatan zo‘ravonlik qo‘llanilgani bilan bog‘liq vaziyatni nazoratga oldi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Ombudsman maʼlumotiga ko‘ra, voqea 28 avgust kuni sodir bo‘lgan. E.R. fuqaro o‘z qizi O.D. bilan uchrashish uchun Buxoro viloyatiga kelgan.

Uchrashuv vaqtida u uchrashuvga kelgan 2009 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan E.O. ismli bolani majburan avtomobilga o‘tqazib, qarindoshi F.F.ning uyiga olib borgan.

U yerda E.R., F.F. va boshqa shaxslar o‘smirni kaltaklagan.

Tergovga qadar tekshiruv doirasida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxs tanasining turli qismlarida tan jarohatlari aniqlangan.

7 sentyabr kuni mazkur holat yuzasidan E.R. va F.F.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 137-moddasi 2-qismi “a” va “v” bandlari, shuningdek, 105-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlarini tuman prokuraturasi olib bormoqda.

Bolalar ombudsmani voyaga yetmagan jabrlanuvchining shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish zarurligini inobatga olgan holda, ish bo‘yicha tasdiqlanmagan maʼlumotlarni tarqatishdan tiyilishga chaqirdi.

Ombudsman, shuningdek, tergov doirasida bolaning protsessual huquqlari taʼminlanishini kuzatishni davom ettirishini maʼlum qildi.

 

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.