Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlar hamda hududiy vakillik organlari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish niyatida.
Bu masalalarni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Turkiy davlatlar Parlament assambleyasining (TurkPA) XV yalpi majlisi doirasida Qirg‘iziston Jogorku Keneshi Torag‘asi Marlen Mamataliyev bilan muhokama qildi.
Tomonlar strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, shuningdek, parlamentlararo aloqalar samaradorligini oshirish choralarini ko‘rib chiqdi.
Jumladan, ikki tomonlama kelishuvlarning bajarilishi ustidan parlament nazoratini kuchaytirish, parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish va qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, parlamentlar faoliyatida sunʼiy intellekt texnologiyalarini qo‘llash masalasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlikning yana bir yo‘nalishi ikki mamlakat hududlari, birinchi navbatda, chegaradosh viloyatlar o‘rtasidagi aloqalarni rivojlantirishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv ishtirokchilari 2026 yil oxiriga qadar O‘zbekistonda respublikadagi barcha hududlar ishtirokida birinchi Hududlar forumini o‘tkazish imkoniyatini ko‘rib chiqdi. Ushbu tashabbus avvalroq erishilgan hududlararo hamkorlikni kengaytirish to‘g‘risidagi kelishuv bilan bog‘liq.
Tanzila Narbayeva va Marlen Mamataliyev turizm, taʼlim va gumanitar sohalardagi aloqalarni mustahkamlash tarafdori ekanliklarini ham bildirdilar. Taklif etilgan choralar qatoriga qo‘shma taʼlim dasturlari, akademik almashinuvlar va parlament delegatsiyalarining muntazam tashriflarini tashkil etish kiritildi.
Hamkorlikni yana-da rivojlantirish maqsadida 2027 yilda Namangan yoki Farg‘ona viloyatida Parlamentlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish taklif etildi.
Tadbirda parlamentlarning tegishli qo‘mitalari, mahalliy vakillik organlari va biznes vakillarini ishtirok etishga jalb qilish rejalashtirilmoqda.