Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti va GENERIUM hamkorlik memorandumini imzoladi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti va Rossiyaning “GENERIUM” kompaniyasi biofarmatsevtika va biotexnologiya sohalarida hamkorlik qilish to‘g‘risida memorandum imzoladi.
Hujjat ilmiy-amaliy hamkorlikni rivojlantirish, tajriba almashish va istiqbolli loyihalarni birgalikda amalga oshirishni nazarda tutadi. Bu haqda Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti matbuot xizmati xabar berdi.
Memorandum Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti vakillarining Rossiyaning “GENERIUM” kompaniyasiga tashrifi yakunlari bo‘yicha imzolandi. Tashrif davomida O‘zbekiston delegatsiyasi kompaniyaning faoliyati, uning ilmiy-tadqiqot salohiyati, shuningdek, biofarmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish yo‘nalishlari bilan tanishdi.
Tomonlar biofarmatsevtika sohasidagi keyingi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qildi. Biologik dori vositalarini ishlab chiqish va ishlab chiqarish, zamonaviy biotexnologiyalarni qo‘llash hamda ilmiy tadqiqotlar natijalarini amaliy faoliyatga joriy etishga alohida eʼtibor qaratildi.
Hamkorlik yo‘nalishlari qatorida analitik tadqiqotlar o‘tkazish va texnologik jarayonlarni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Ikki tashkilot mutaxassislari o‘rtasida kasbiy tajriba almashishga alohida eʼtibor berildi.
Erishilgan kelishuvlarga muvofiq, Milliy biofarmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti va “GENERIUM” o‘rtasidagi hamkorlik ilmiy-tadqiqot faoliyatini qo‘llab-quvvatlash hamda biofarmatsevtika va biotexnologiya sohalarida istiqbolli loyihalar ustida birgalikda ishlashni o‘z ichiga oladi.